Futboldagi firiblar

Ruminiya o‘zining serviqor tog‘lari, ulkan ko‘rshapalaklari va g‘ayritabiiy hodisalari bilan tanilgan, ko‘pchilik tasavvuriga nisbatan anchayin rivojlangan zamonaviy o‘lka.

Biroq mahalliy futboli badavlat emas, Georgi Hadjidan keyingi eng yorqin yulduzi bo‘lmish Adrian Mutu esa maydon tashqarisidagi aysh-ishratlari, narkotik moddalarga o‘chligi va kriminal olamining yetakchisining qiziga uylangani bilan mashhur.

Mutu Ruminiyaning nomdor klubi – Buxarestning «Dinamo» klubida to‘p surgan. Hozirda jamoa jiddiy mojaroni boshdan kechirmoqda – aql bovar qilmaydigan yolg‘onchi futbolchini qo‘lga olindi.

Uch oy muqaddam «qizil ko‘ppaklar» 30 yoshli himoyachi Edgarni xarid qilishgandi. Portugaliya terma jamoasi tarkibida Rio-de-Janeyro-2016 Olimpiadasida to‘p surgan futbolchi Gvineya-Bisauda tug‘ilgan, o‘tgan yildan beri shu mamlakat sharafini himoya qilmoqda. Biroq aslida kim o‘ynagan?

Edgar IYE iqtidorli yigit edi. O‘smirlik chog‘ida u «Sporting» maktabida tahsil olgan, keyin «Barselona»ga o‘tib, Ispaniya Kubogi bahsida Jeremi Matyo o‘rniga zaxiradan maydonga tushgandi. Ispaniyada ishlari yurishmagach, Portugaliyaga qaytdi va Yevropa bo‘ylab sayohatga otlandi, Fransiya, Turkiya, Niderlandiya jamoalarida to‘p surdi. Start chakki bo‘lmadi, lekin taraqqiyot borasida sezilarli o‘zgarish bo‘lmadi. Shundan keyin futbolchi ajdodlari yurtiga yo‘l oldi.

Buxarestning «Dinamo»sida paydo bo‘lgan qahramonimiz endi mojaro markazida. O‘zini Edgar deb tanishtirgan futbolchi gvineyalik kasbdoshi Edelinoning egizagi bo‘lishi mumkin. Akasidan farqli ravishda, u vinger. Farqi – nisbatan, bir oz zaifroq. «Sporting» maktabidan keyin saboq olishni to‘xtatdi, erkin agent maqomida klubdan klubga ko‘chib yurdi, o‘tgan yili Polshada talab darajasida to‘p sura olmay, ishsiz qoldi.

Hammasi to‘g‘ri chiqmoqda. Edgar «Dinamo» bilan kontraktga imzo chekdi, egizagi esa ishsiz. Biroq Xo‘sh, IYEning o‘zi qayerda? Raqamlar olamidagi dahshatli hodisa. Ispaniya va Fransiyada to‘p surgan futbolchi u yerdagi xalqlar tilida birorta so‘zni bilmasligi ruminiyaliklarni ajablantirib qo‘ydi. Shuningdek, o‘zini Edgar deb tanishtirgan shaxs buning isboti sifatida haydovchilik guvohnomasi yoki boshqa birorta rasmiy hujjatni ko‘rsatishdan bosh tortganligi shubhani kuchaytirib yubordi. Endi undan DNK testini talab qilishmoqda.

Agar Edelino egizak ukasining o‘rniga o‘ynagan bo‘lsa, uning ishtirokidagi barcha uchrashuvlarda busiz ham autsayderlar guruhida turgan «Dinamo»ga texnik mag‘lubiyat e’lon qilinadi. Yangi xaridning klubga keltirgan «manfaati» hozircha shu.

«Edgar» juda yomon o‘ynadi, dastlabki sabab – nima uchun uning «Barselona» maktabi va Portugaliya o‘smirlar terma jamoasidan kelganiga ishonmaganliklari. Endi undan maydonga saviyasi past akasi tushmaganligini isbotlash talab etiladi.

Egizaklar tomosha ko‘rsatishni yoqtirishadi

O‘xshash egizaklar atrofdagilar bilan hazillashishni xush ko‘radilar. Avvaliga ular ota-onalariga o‘zlarini Hasan o‘rniga Husan yoki Fotima o‘rniga Zuhra bo‘lib ko‘rinishga urinadilar. Biroq bu aldovni fosh etish qiyin emas, ota yoki ona o‘z zurriyotini juda oson va aniq farq­lay oladi. Maktabning yo‘rig‘i boshqa, u yerda hazil kutilgan samarani berishi mumkin. Tarixda egizaklar o‘z o‘qituvchilarini aldagan holatlar yo‘q emas. Hatto turmush o‘rtoqlari bilan hazillashadiganlar ham uchrab turadi. Bular kundalik turmush uchun yangilik bo‘lmasada, katta futbol uchun noodatiy hodisa. Notanishlar bilan hazillashish yanada osonroq. Chunki ularni bir necha yildan beri biladigan yaqinlari ham ba’zan adashib qoladilar. Hatto pachoq bo‘lgan burun ham muxlislarga Vasiliy Berezuskiyni ukasi Alekseydan farqlab olishlarida ko‘mak bera olmaydi. Bir paytlar Vasiliy Utkin ularning barmen bo‘lib ishlaydigan Ivan ismli ukasi borligini to‘qib chiqarganida, teletomoshabinlar bunga ishonishgan, Berezuskiylar yaqinlari esa nima uchun ular ukalarini yashirib yurganliklari haqida savol yo‘llagandilar.

Niderlandiyalik de Burlarni ajratib olish qiyinchilik tug‘dirmaydi. Sababi, ularning yuz tuzilishlari bir-biriga o‘xshamaydi. Lekin bir paytlar «MYU»da to‘p surgan Fabio va Rafael da Silvalarni farqlab olishning deyarli iloji yo‘q. Ularning ko‘rinishi ham, vazni ham, hatto keksalik alomatlari ham deyarli bir xil.

Aka-uka Miranchuklarni farqlay olmaydigan muxlislar ham juda ko‘p. Umid qilamizki, Italiya Kubogining finalida firibgarlikka yo‘l qo‘yilmaydi. Aka-uka Oltintoplarda Xalilning bichimi Hamidnikidan nozikroq bo‘lsada, murabbiylar va jamoa­doshlari ko‘pincha ularni farqlashda yanglishadilar.

Ha, egizaklar nasibasi shunaqa. Biroq ayrim muxlislar futbolchining egizi borligidan tamoman bexabar bo‘ladilar masalan, bir paytlar «Real» va «Napoli»da o‘ynagan ispaniyalik Xose Kalyexonni yaxshi biladilar. Lekin u bilan bir kunda tug‘ilgan Xuanmini tanimaydilar. «Granada» hujumchisining egizi «Real» saviyasiga ko‘tarila olmay, kamtarin klublarda to‘p surdi, hozir 3- divizion jamoasida o‘ynamoqda.

JCH-1966dagi almashib olish

Futbolchilarning almashib olishlariga oid eng shov-shuvli voqea Angliya mezbonligida o‘tgan JCH-1966 turnirida kuzatilgan. O‘shanda Shimoliy Koreya terma jamoasi Italiya­ga qarshi maydonga tushgan, barcha muxlislar nomdor yevropaliklar Osiyo vakillarini osonlikcha mahv etishlarini taxmin qilishgandi. Biroq bellashuv yaqqol autsayderning 1:0 hisobidagi g‘alabasi bilan nihoyasiga yetgandi. O‘yindan keyin italiyaliklar koreyaliklarni tanaffusda ikki nafar o‘yinchini yangi futbolchi bilan almashtirganlikda ayblashgandi.

U davrda JCHning final bosqichida hozirgidek o‘yinchi almashtirishlar yo‘q edi. Agar osiyoliklar chindan ham fokus ishlatgan bo‘lsalar, u o‘yin natijasiga ta’sir etishi lozim edi. Biroq bu muxlislar o‘rtasida 10 yillar davomida takrorlanib yurgan cho‘pchak, xolos. Shimoliy koreyalik futbolchilar uyga qaytganlaridan keyin muammolarga duch kelishgani esa – haqiqat. Ularni yoppasiga o‘lim lageriga jo‘natishgani esa o‘sha davrga xos bo‘lgan uydirma.

Pley-off bosqichida Shimoliy Koreya Portugaliyadan mag‘lubiyatga uchragach, qahramonlik unvonidan mahrum bo‘ldi. Lekin Italiyani yenggani va Portugaliyani 3 marta o‘z darvozasidan to‘p olib chiqishga majbur etgani tarixiy fakt bo‘lib qoldi. to‘g‘ri, keyin afsonaviy Eysebio ishga kirishib, uning jamoasi 5ta gol urdi. Shimoliy Koreya o‘yinchi almashtirgan bo‘lsa ham, baribir mag‘lub bo‘ldi.

S.RAHMONOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси

Yangilik manbasi – https://stadion.uz/

Chip Stapleton
Kopirayter