Tasodifiy finalchilar

YECHLdek nufuzli turnirda qatnashish har qanday jamoaning orzusi ekanligi barchaga ma’lum.

Unda g‘olib chiqish esa har qanday klub uchun azaliy orzu. Lekin maydon tekis, to‘p dumaloq – ba’zan hech kimning xayoliga ham kelmagan jamoa nomdor grandlarni dog‘da qoldirib, turnir finishigacha yetib borishi mumkin. Faqat aldoqchi muxlisgina «Inter»ning finalga chiqishiga sentyabr oyidayoq ishonch hosil qilgandim, deya maqtanishi mumkin. Misol uchun, hozirda eskirgan safardagi gol qoidasi bo‘lmaganida, «PSJ» «setka»ning portugal-italyan qismida favorit bo‘lardi. Biroq Istanbulga Mbappe emas, balki Lukaku va Martineslar yo‘l oldilar. Bu asrimizdagi 12-tasodifiy finalchi. Keling, ularni eslab o‘tamiz.

2000/2001 yillar mavsumi.  «Valensiya»

Garchi bu «ko‘rshapalaklar»ning qatorasiga ikkinchi finali bo‘lsada, Ektor Kuper jamoasi xuddi «Real» bilan bo‘lgani kabi, yana sovrinni qo‘lga kirita olmadi. Vaholanki, u «Arsenal», «Lids» to‘siqlaridan o‘tgan, «Bavariya» bilan tengma-teng kurashgandi. Biroq penaltilar seriyasida Kan Kanisaresdan ustun keldi. Ayala, Baraxa, Mendyeta, Aymar, Kili Gonsales va Karyular jamoasi esa samoviy meteordek kuyib ketdi.

2001/2002. «Bayer»

«Dorishunoslar» ikkinchi guruh bosqichida «Arsenal» va «Yuventus»dan ustun kelishdi, Toppmeller «Liverpul» va «MYU»ni tomoshabinga aylantirdi. Lekin finalda Raul va Zidan ularga imkoniyat qoldirmadilar. «Bayer» tarkibida Ballak, Lusio, Shnayder, Ramelov va Noyvillar to‘p surishgan bo‘lsada, Zayniddinning g‘alaba keltirgan goli javobsiz qoldi. «Dorishunoslar» Bundesligada ham g‘olib chiqa olmadilar…

2003/2004. «Portu» va «Monako»

Birdaniga ikkita «qattiq yong‘oq» jamoa finalda. Navqiron Mourinyo va Desham o‘shanda yuksak saviyali jamoani shakllantirgan edilar. Fransiyaliklar «Real» va «Chelsi»ni, portugallar «MYU»ni mahv etishdi. Keyin Joze jamoasiga qur’ada omad keldi. «Lion» va «Deportivo» «Yuventus» va «Milan»chalik kuchli emasdilar. Biroq italiyaliklarni La-Korunya jamoasi taslim etdi. Mourinyo Alenichev, Deku, Manishe va Karvalyular yordamida «Monako»dan ustun keldi.

2004/2005. «Liverpul»

«Qizillar» Istanbulda anderdoglarga aylanishdi. Buni birinchi bo‘lim natijasi isbotladi, chunki Benites shogirdlari 45 daqiqa ichida 3ta to‘p o‘tkazib yuborishgandi. «Liverpul» o‘sha mavsumda APLda g‘olib bo‘lmadi, o‘z muxlislarini faqat qo‘shimcha vaqtda «Alaves»ni 5:4 hisobida yengib, UYEFA Kubogi bilan xushnud etishgandi. Demak, «Milan»ga qarshi bahsdagi kambek – anderdog g‘alabasi. Jerrard va Dudek kubokni yaqqol favoritdan tortib olishdi, Anchelotti buyuk finalda yengildi.

2005/2006. «Arsenal»

«To‘pchilar» YECHLda juda yomon ishtirok etishgan, bir marta ham finalga chiqmagan edilar. APLdagi muvaffaqiyatlar esa «Arsenal»ni YECHLning pley-off bosqichida favoritlik maqomiga ko‘tara olmadi. Ronaldinyoning «Barselona»si «Chelsi» va «Milan» to‘siqlaridan o‘tdi, «Arsenal» «Real», «Yuventus»va «Vilyarreal»ni yengdi. Hal qiluvchi bahsda esa Lemann qizil kartochka olib, jamoadoshlarini qiyin vaziyatda qoldirdi. Uchrashuv 2:1 hisobida kataloniyaliklar foydasiga hal bo‘ldi.

2009/2010. «Inter»

«Liverpul» va «Arsenal» autsayderlik maqomiga e’tiroz bildirishi mumkin, Mourinyoning «Inter»i esa chinakam anderdog. Ular «Chelsi» va «Barselona» to‘siqlaridan o‘ta olishlariga hech kim ishonmagandi. Chunki hatto SSKAni bir amallab yengishgandi. «Bavariya» «MYU» va «Lion» qarshiligini sindirish bilan ovora bo‘lgan pallada Joze yanada jangovar jamoani shakllantirdi. Garchi Lam, Robben, Shvaynshtayger va Myullerlar favorit maqomida to‘p surgan bo‘lsalarda, shohsupani milanliklar zabt etishdi va tasodifiy qirollarga aylanishdi.

2012/2013. «Borussiya D.»

Finalda Yurgen Klopp uchrashuv yakunida o‘zi bilan hamkorlikni taklif etgan va rad javobini olgan «Bavariya»ga duch kelgandi. Gyundogan, Roys va Xummels kabi iqtidorlar yordamida «arilar» Levandovskining pokeri evaziga «Real»dan final yo‘llanmasini tortib oldilar. Lekin hal qiluvchi bellashuvda kuchlari yetmay qoldi. Finallar to‘purari maqomi bilan tanilgan Manjukichning goliga Gyundogan penaltidan gol urib, javob qaytardi. Biroq Robbenning aniq zarbasi evaziga «Bavariya» uchinchi urinishda kubokni qo‘lga kiritdi.

2013/2014. «Atletiko»

O‘zining ikkinchi finalida Diyego Simeone tasodifiy mehmon emasdi. 2014 yilda uning shogirdlari nufuzli sovrin yo‘lida o‘zlaridan ancha kuchli hisoblangan «Barselona» va «Chelsi»ni musobaqadan chiqarib yuborish orqali ko‘pchilikni lol qoldirgan edilar. Ayni pallada «Real» nemis klublari – «Shalke», «Borussiya D.» va «Bavariya»ni taslim etgandi. Lekin «qirollik klubi» uchun ham final muhim ahamiyat kasb etgandi. Boisi, bu jamoa ham «Bayer» bilan to‘qnashganidan beri ilk marta sovringa yaqin kelgandi. Hal qiluvchi bellashuvning so‘nggi soniyalarida Ramosning aniq zarbasi «Real»ni mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi, overtaymlarda esa favorit Kurtua, Vilya va Gabilar jamoasini mahv etdi.

2018/2019. «Tottenxem»

Yangi asrdagi o‘ta tasodifiy finalchi! «Portu»da kuchli tarkib va Mourinyo bor edi, «Inter» o‘z yurtida zafar quchgan, Pochettino «Ayaks»dan o‘ta olmagandi. Biroq kutilmaganda Moura yarim finalning qahramoniga aylandi. Sal avvalroq «Manchester Siti»ga qarshi bahsda «taqachilar»ga hakamlar bobida omad kulib boqqandi. Garchi Keyn, Eriksen, Vertongen va Lyorislar ajoyib futbolchilar bo‘lsalarda, hech kim ularni finalda kutmagandi. Londonliklar o‘yin davomida «Liverpul»ni bosim ostida ushlab turishdi, lekin Muhammad Saloh va Divok Origining gollari nufuzli sovrin taqdirini hal qildi.

2020/2021. «Chelsi»

«Liverpul», «Arsenal» va «Chelsi» klublari Valensiya, Portu yoki Leverkuzendagi kasbdoshlaridan farq qiladilar. Biroq anderdog uchun pulsiz yoki shon-shuhratsiz bo‘lish shart emas. So‘nggi yillardagi YECHLda raqobat shu qadar kuchliki, hatto «PSJ»dek grand ham atigi bir marta finalda maydonga tushdi. Shu sababli, mavsum davomida aynan Parij klubidan Tuxelni ilib ketgan «Chelsi»ni kubok bilan ko‘rish – syurpriz. Kante va Xaversning «Manchester Siti»dan ustun kelganligi – supersyurpriz! Shak-shubhasiz favorit finalda mag‘lub bo‘ldi.

2022/2023. «Inter»

11 autsayderning 4tasi kubok bilan. Inzagining «Inter»ini finalda kutishmagandi. Bu gal ham Istanbulda o‘ta kuchli tarkibga ega bo‘lgan sovrindor jamoa anchayin kamtar jamoaga qarshi maydonga tushdi. Benitesning «Liverpul»i 3ta nokdaundan keyin qaddini tiklab olgandi. «Neradzurri» bilan xorijliklar YECHKni qo‘lga kiritishgan, mahalliy murabbiy esa ikkinchi marta mahv etildi. Dastlabki finalda Inzagi jamoasi «Ayaks»ni yenga olmagandi.

 MUHAMMADSODIQ tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси

Yangilik manbasi – https://stadion.uz/

Chip Stapleton
Kopirayter