Chiro Immobile: «Tanqidga maydonda javob berish kerak»

O‘tgan hafta YECHL o‘yinlarida ko‘plab futbolchilar o‘zlarini ko‘rsatishdi va guruh bosqichi 5-turi laureati bo‘lishga da’vogarlik qilishdi.

Mutasaddilar esa italiyalik «qariya» – Chiro Immobile karomatini yuksakroq baholashdi. Binobarin, «Lasio» – «Seltik» o‘yinining 61-daqiqasida maydonga tushgan tinim-tinchimas hujumchi yakunda (atigi 3 daqiqa oralig‘ida) 2ta gol urib, Rim jamoasini muddatidan oldin «pley-off»ga olib chiqdi. Chiro shu ajoyib oqshomdan keyin jurnalistlarning bir qator savollariga javob berishga ham vaqt ajratdi.

– Chiro, bugun o‘yinga juda zo‘r kirishdingiz…

– Ha, bunday vaziyatda jamoaning g‘alaba qozonishi qiyin edi. Umuman, hozirgi futbolda teng kuchli raqiblar joy olgan guruhda har bir g‘alabaning qadri baland. Muhimi, missiyani chiroyli o‘yin orqali bajardik. Muxlislarimizga ham rahmat – ular o‘yinning boshidan oxirigacha bizni olg‘a boshlashdan tinmadilar. Oddiy ifoda etganda, «Lasio» fanatlari g‘alaba uchun xuddi biz kabi bor imkoniyatlarini ishga solishdi. Har holda, men urgan gollarda ularning ulushlari katta. Zero, aynan stadionda yuzaga kelgan to‘lqindan o‘zgacha ilhomlandim.

– Bu g‘alaba shaxsan sizga nima berdi?

– Avvalo, ichki imkoniyatimiz chakki emasligi, nafaqat CHL, balki boshqa turnirlarda ham shunday faol o‘ynashimiz shartligini tushundik. Tabiiyki, xalqaro o‘yin muhiti yigitlarga o‘zgacha ehtiros beradi, ammo «A» seriyada ham ayrim muammolardan tezroq qutilish kerak, ayniqsa, o‘yin dinamikasiga bog‘liq kamchiliklardan. Menimcha, «Lasio» yanada yig‘inchoq va uyg‘un holda o‘ynash salohiyatiga ega.

– Sizningcha, Rotterdamdagi o‘yinda nima bo‘ladi (intervyu «Feyenoord» – «Atletiko» bahsidan oldin olingan)?

– Albatta, bugunoq «pley-off» masalasi hal bo‘lishini afzal ko‘raman. Umuman, CHL og‘ir turnir va har qanday holatda ham oxirigacha kurashish talab etiladi.

– Bu faoliyatingizdagi eng go‘zal oqshommi?

– Ehtimol… Hammasi ko‘p jihatdan stadion muhitiga ham bog‘liq. To‘g‘ri, xotiramga muhrlangan bunday sehrli oqshomlar juda ko‘p.

– O‘yin qahramoniga aylanishni oldindan o‘ylaganmidingiz?

– Hammasi orzudan boshlanadi – futbolchi nimagadir intilmasa, qandaydir karomat ko‘rsatolmaydi. Ochig‘i, asosiy tarkibdan joy olmasligimni bilgandim, chunki jamoaviy harakat nuqtai nazaridan qiyin davrni boshdan o‘tkaz­yapmiz. Bunday holatda shaxsiy muammolarni birinchi o‘ringa qo‘yish aslo yordam bermaydi. Lekin zaxiradan tushib jamoaga naf keltirishni o‘ylagandim, albatta.

– «A» seriya va CHL o‘rtasidagi asosiy farqni ayta olasizmi?

– Menimcha, CHLda o‘ynash borasidagi kuchli ishtiyoq – eng yaxshi tomonimizni ko‘rsatish uchun imkoniyat. Hammasi ongsiz ravishda amalga oshadigan holatdir. Endi «A» seriyada ham kuchli ishtiyoq bilan o‘ynab, futboldan zavq­lanishimiz kerak. Hozir natijalar bilan bog‘liq kayfiyatsizlik bor, lekin o‘tgan yilgi o‘yinlarni yodda tutib, o‘zimizni o‘nglab olsak bo‘ladi. 

– Guruhda bugungidek murakkab o‘yinlarni kutganmidingiz?

– Ancha muvozanatlashgan va murakkab guruhga tushganimizdan kelib chiqsak, ochkolar osongina berilmasligi tayin edi. Har bir raqib CHLning doimiy ishtirokchisi sanaladi, biz esa oxirgi yillarda ikkinchi marta guruh bosqichiga chiqdik. Asosiysi, yaxshi start oldik va aynan ilk ochkolar qo‘shimcha motivasiya bag‘ishladi.

– Bugungi gollaringiz bilan oxirgi paytlar yangragan tanqidlarga javob bergandeksiz…

– O‘zi menga jarima maydoni ichida samarali harakatlanish yetishmayotgandi. Bugungi gollar katta ishonch bag‘ishlashi turgan gap. Umuman, adolatli va konstruktiv tanqidga hamisha maydonda javob berishga odatlanganman. Ha, bu yilgi tanqidlar biroz bosh­qacha bo‘lib, meni g‘azablantirdi, yaraladi. Aynan shu narsa xalaqit berayotgandi. o‘ylaymanki, endi hammasi o‘z iziga tushadi.

MUHAMMADXON tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси

Yangilik manbasi – https://stadion.uz/

Chip Stapleton
Kopirayter