MLS. Lionel Messi xet-trik qayd etgan bahsda «Inter Mayami» ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi
14 mayga o‘tar kechasi MLS doirasida «Sinsinnati» va «Inter Mayami» jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Sinsinnati shahridagi «Ti-Kyu-El Stedium» arenasida kechgan sermahsul bahs mehmonlarning 5:3 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
Qizig‘i, o‘yin davomida «Inter Mayami» 2:3 hisobida ortda borayotgan edi, ammo jamoa kambek amalga oshirib, muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi.
Mayamiliklar safida Lionel Messi xet-trik qayd etib, yana bir golli uzatmani ham amalga oshirdi. Shuningdek, Mateo Silvetti va Xerman Berterame ham bittadan gol urdi. Rodrigo De Paul esa assist muallifi bo‘ldi. Luis Suares 75 daqiqa harakat qildi, ammo samarali harakat bilan ajralib tura olmadi.
Mezbonlar tarkibida Kevin Denki, Pavel Buxa va Evander Ferreyra gol urdi.
Ushbu natijadan keyin «Inter Mayami» MLSdagi ikkinchi ketma-ket g‘alabasini qo‘lga kiritdi. «Sinsinnati»ning esa mag‘lubiyatsiz seriyasi olti o‘yindan so‘ng yakunlandi.
«Inter Mayami» 13 ta uchrashuvdan keyin 25 ochko bilan Sharqiy konferensiyada ikkinchi o‘rinda bormoqda. «Sinsinnati» esa 16 ochko bilan sakkizinchi pog‘onada joylashgan.
Keyingi turda «Sinsinnati» safarda «San-Diyego»ga qarshi o‘ynaydi. «Inter Mayami» esa o‘z maydonida «Portlend Timbers»ni qabul qiladi.
AQSH — MLS
14 may 2026 yil. Sinsinnati. «Ti-Kyu-El Stedium».
«Sinsinnati» — «Inter Mayami» 3:5
Gollar: Messi 24, 55, 89, Denki 41, Buxa 49, Evander Ferreyra 64, Silvetti 79, Berterame 84.
Manba: stadion.uz
Yangilik manbasi – https://stadion.uz/
