«Manchester Siti» APLdan yordam so‘ramoqda

Angliya Premyer-ligasida chempionlik uchun kurashayotgan «Manchester Siti» mavsumning hal qiluvchi pallasidagi ikkita o‘yin sanasini ko‘chirish borasida liga rahbariyati bilan muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda BBC xabar berdi.

Xosep Gvardiola jamoasining 17 mayga belgilangan «Bornmut»ga qarshi safar o‘yini boshqa muddatga ko‘chirilishi aniq. Sababi, «shaharliklar» Angliya Kubogi finaliga yo‘l olishgan va ushbu bahs «Bornmut» bilan o‘yindan bor-yo‘g‘i 24 soat oldin bo‘lib o‘tishi kerak edi. Shuningdek, mart oyida qoldirilgan «Kristal Pelas»ga qarshi uy uchrashuvining sanasi ham haligacha tasdiqlanmagan.

Taklif etilayotgan ssenariylardan biriga ko‘ra, «Siti» 13 mayda «Pelas» bilan, 19 mayda esa «Bornmut» bilan o‘ynashi mumkin. Bunday holatda jamoa mavsum yakunida yetti kun ichida uchta muhim uchrashuvda (jumladan, 16 maydagi «Chelsi»ga qarshi Kubok finalida) maydonga tushishiga to‘g‘ri keladi. «Arsenal» esa 22 yil deganda ilk chempionlikni qo‘lga kiritish ilinjida raqibining ushbu «tig‘iz» taqvimidagi natijalarini diqqat bilan kuzatmoqda.

Ayni damda «Arsenal» 34 o‘yindan so‘ng 73 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. Bitta zaxira o‘yini bor «Manchester Siti» 70 ochko bilan ikkinchi, «Manchester Yunayted» esa 61 ochko bilan uchinchi o‘rinda bormoqda.

Yangilik manbasi – https://stadion.uz/

Chip Stapleton
Kopirayter