Nagelsmann Fyullkrugni JCH-2026 ro‘yxatidan chiqarib tashlagani sababini aytdi
Germaniya terma jamoasi bosh murabbiyi Yulian Nagelsmann hujumchi Niklas Fyullkrugni nima sababdan Jahon chempionati qaydnomasiga kiritmaganini tushuntirib berdi.
«Vest Xem»dan «Milan»ga ijaraga berilgan 33 yoshli futbolchi Germaniya milliy jamoasi safidagi 24 ta o‘yinda hayratlanarli darajada 14 ta gol urgan bo‘lsa-da, bo‘lajak mundialda ishtirok etmaydigan bo‘ldi.
«Fyullkrugning «Vest Xem» va «Milan»dagi ko‘rsatkichlari hamma narsani aytib turibdi — u oxirgi ikki yilda juda kam gol urdi. Ha, Italiyada u ko‘p himoyalanishiga to‘g‘ri kelayotganini va ko‘pincha zaxiradan maydonga tushayotganini hisobga olish kerak, ammo baribir uning sermahsulligi havas qilarli darajada emas. Kimdir baribir ro‘yxatdan tashqarida qolishi kerak edi», – deya Italiya OAVlari Nagelsmannning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, Germaniya terma jamoasi Jahon chempionati guruh bosqichida Kyurasao, Kot-d’Ivuar va Ekvador terma jamoalariga qarshi bahs olib boradi.
Yangilik manbasi – https://stadion.uz/
