Yozgi futbol bozorining eng «qaynoq» nuqtasi

Yevropada yozgi transferlar bozori yopilgach, o‘z-o‘zidan turli hisob-kitoblar boshlanib ketdi…

Qaysi liga klublari ko‘p sarfladi, transferlardan kim kattaroq foyda ko‘rdi…? Biz esa hozircha transfermarkt ma’lumoti asosida yozgi bozorning eng qimmatbaho 5ta xaridiga to‘xtalamiz.

Xulian ALVARES – 75 million yevro. Argentinalik hujumchi «Atletiko» tarixidagi ikkinchi eng qimmatbaho futbolchiga aylandi. Jabrdiyda Joau Felishning uzundan-uzun seriali ortda qoldi, Xulian Alvares esa Erling Xoland soyasidan yorug‘likka chiqqandek. Har holda, argentinalik «Manchester Siti»da zaxira varianti hisoblanardi, baribir.

Dominik SOLANKE – 64,3 million yevro. «Chelsi» akademiyasi chig‘irig‘idan o‘tgan va «Liverpul»da muvaffaqiyatsizlikka uchragan Solanke endi «Bornmut»da o‘z iqtidorini to‘liq ochib berishga urinadi. 216ta o‘yinda 77ta gol urgan hujumchi «Tottenxem» uchun qimmatbaho ijrochi, albatta. Xullas, «shporlar» Solanke transferiga me’yoridan ko‘proq sarf­lashga majbur bo‘lishdi, ammo APL ichida qachon boshqacha bo‘lgan?

Leni YORO – 62 million yevro. «MYU» 18 yoshli vunderkind uchun kurashda «Real»dan ham ustun keldi uning o‘ziga yaxshi moliyaviy shartlar taklif etish hisobiga. Yoro chindan ham, o‘z yoshiga nisbatan yaxshiroq ko‘rinayotgandi, biroq yigitcha «Yunayted» safidagi mavsumoldi o‘yinlaridan birida jarohatga yo‘liqdi va katta ehtimolki, noyabr oyigacha maydonga tusholmaydi.

Pedro NETU – 60 million yevro. «Yangi futbolchilarni sotib olish» va «Chelsi» iboralarini turli jumlalarda ishlatish imkonsiz bo‘lib qoldi, go‘yo. Londonliklar bu safar o‘tgan mavsum 20ta o‘yinda «Gol+pas» tizimi bo‘yicha atigi 11 ball to‘plagan portugaliyalik uchun «Vulverxemp­ton»ga aynan 60 «limon» sanab berishdi.

Mussa DIABI – 60 million yevro. «Aston Villa» atigi 1 yil oldin fransiyalik vinger transferi yo‘lida 55 million yevro sarflagandi. Qarang­ki, Diabi oradan bir mavsum o‘tib, Saudiya Arabistonida pul jamg‘arishni ma’qul ko‘rdi, chog‘i. Vaholanki, u APL-2023/2024 doirasidagi 38ta o‘yinda ham qatnashgan va «Gol+pas» tizimi bo‘yicha «9+8» ko‘rsatkichiga erishib, Unai Emeri tizimida muhim ijrochiga aylangan edi.

FIFA bayonotiga ko‘ra, bu yil yozgi transferlar bozorida rekord darajada ko‘p kelishuv amalga oshirildi. Raqamlarda aytsak, jami 11 ming transfer qayd etildi. Erkaklar futbolida amalga oshgan barcha transferlarning umumiy qiymati 6,4 mlrd. dollardan oshdi. Bunisi tarixdagi ikkinchi yuqori natijadir. Rekord 2023 yilning yozida qayd etilgandi – 7,43 mlrd. dollar. Ayollar futbolida esa 1125ta transfer rasmiylashtirildi (o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 30 foiz ko‘p). Ayollar futbolidagi transferlarning umumiy bahosi 6,8 mln. yevroga teng bo‘ldi – bu ham rekord natija.

Manba: «Интерфутбол» газетаси

Yangilik manbasi – https://stadion.uz/

Chip Stapleton
Kopirayter