Saudiyaliklarning «bozor»i qachon tugaydi?
2023 yil yozgi transferlar bozori haqida gap ketganda faqat Saudiya Arabistoni eshitdik.
Eng katta transferlar ushbu diyor klublari bilan bog‘lanmoqda. Lekin bunga ularni nima majbur etdi? Shuncha xarajatlardan foyda bormi? Va bu Xitoydagidek bo‘lmaydimi?
Saudiya Arabistoni klublari transferlar uchun hozirgacha jami 804,8 million yevro sarflashdi (26 avgust holatiga).
Xarajatlar bo‘yicha yetakchilar (raqamlar Transfermarkt portalidan olingan):
«Al-Hilol» – 353,1 million yevro;
«An-Nasr» – 165,1;
«Al-Ahli» – 143,2;
«Al-Ittihod» – 75,8.
Top-10 transferlar:
Neymar («PSJ»dan «Al-Hilol»ga) – 90 million yevro;
Otavio («Portu»dan «An-Nasr»ga) – 60;
Malkom («Zenit»dan «Al-Hilol»ga) – 60;
Ruben Nevesh («Vulverxempton»dan «Al-Hilol»ga) – 55;
Aleksandr Mitrovich («Fulxem»dan «Al-Hilol»ga) – 52,6;
Fabinyo («Liverpul»dan «Al-Ittihod»ga) – 46,7;
Sergey Milinkovich-Savich («Lasio»dan «Al-Hilol»ga) – 40;
Riyod Mahrez («Manchester Siti»dan «Al-Ahli»ga) – 35;
Sadio Mane («Bavariya»dan «Al-Nasr»ga) – 30;
Rojer Ibanyes («Roma»dan «Al-Ahli»ga) – 30…
Bularning barchasi nafaqat Saudiya Arabistoni klublarining 2023 yil yozidagi top transferlari, balki butun liga tarixidagi eng qimmat xarajatlardir. Eng yaxshi o‘ntalikning alohida e’tibori bu yozda Saudiya Arabistoniga ko‘chib o‘tadigan yulduzlarning xilma-xilligini ko‘rsatadi. Ammo buni to‘liq ko‘rsatish uchun bu reyting ham yetarli bo‘lmadi: Emerik Lyaport, Kalidu Kulibali, Marselo Brozovich, Jordan Xenderson, Karim Benzema, N~Golo Kante va boshqa yulduzlar ham joriy transfer oynasida mahalliy ligaga o‘tishdi.
Shu bilan birga, 4ta klubning xarajatlari Saudiya Arabistonidagi to‘liq transfer kartinasini aks ettirmaydi. 6ta klub yozda transferlar uchun 2 million yevrodan ko‘p bo‘lmagan mablag‘ sarflashdi, yana 3ta jamoa «kiruvchi transferlar uchun sarflangan mablag‘lari 10 million yevroga yetmadi.
Yulduzlarga «hujum»ning asl sababi – umummilliy taraqqiyot dasturi
Saudiya Arabistoni Xitoy kabi tezkor loyihami? Xitoyliklar faqat kuchli futbol ligasini yig‘ishga harakat qilishdi. Qolaversa, bu juda mahalliy va qisqa muddatli edi: qaysidir vaqtda Xitoy futbol ittifoqi rahbariyati qimmat xorijlik futbolchilar oqimi mahalliy yosh futbolchilarning rivojlanishini to‘xtatib qo‘yganini anglab yetdi. Chet ellik futbolchilarni xarid qilish ustidan nazorat kuchaytirildi, maoshlar tushdi. Xitoy ligasi yarim yo‘lda to‘xtab qoldi va avvalgi darajasiga qaytdi.
Saudiya Pro-ligasi boshqacha yo‘l tutadi. Bu ko‘p jihatdan mamlakatning global dasturidagi ahamiyati bilan bog‘liq. Saudiya Arabistoni rasmiylari yaqinda xalqaro obro‘ni mustahkamlash bilan shug‘ullanishni boshladi. Futbol esa katta rejalarning bir qismiga aylandi, chunki uning butun dunyo bo‘ylab milliardlab muxlislari bor. Shu boisdan katta sarmoya kiritildi. Davlat 2028 yilgacha har mavsumda transferlar uchun klublarga 2 milliard yevro ajratishni rejalashtirmoqda. Ya’ni, hozirda liga klublari bir necha mavsumga yulduzlar bilan kuchayishdi, lekin shu bilan birga, barchasi birgalikda 2023|24 yilgi mavsum uchun rejalashtirilgan mablag‘ning yarmidan kamini sarflashdi.
Chet ellik yulduzlar uchun Pro-liga rahbariyati maosh chegarasini zaiflashtirdi va chegarani yumshatdi. Hozirda har bir jamoa 8tagacha legioner bilan o‘yinni boshlashi mumkin.
Oqilona investisiyalarning yana bir belgisi butun chempionatni tashkil etishdir. Pro-ligani dunyoda ommalashtirish va turli masalalarni hal qilish uchun mamlakat futbol ittifoqi dunyoning turli burchaklaridan fikr yuritadi. Masalan, yaqinda Nike kompaniyasining sobiq direktori Garri Kuk Pro-liganing bosh ijrochi direktori bo‘ldi.
Saudiya futboli kuchli bo‘lishining yana bir sababi sog‘lom turmush tarzi ommalashib borayotganidir. 2018 yilda Saudiya Arabistoni hukumati «Vision-2030» dasturini ishlab chiqdi, uning asosiy tezisi sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishdir. Bir necha yillar davomida o‘tkazilgan tadqiqotlar va so‘rovlar shuni ko‘rsatdiki, mahalliy aholi jismoniy madaniyatni yoqtirmaydi va ko‘pincha ortiqcha vazndan aziyat chekadi.
Dastur boshidagilarning rejasi sport uchun qulay joylarni yaratishdir. Amalda bo‘lganidek, Saudiya Arabistoni futbol chempionatiga chinakam zo‘r o‘yinchilar oqib kelishi hamon davom etmoqda.
A.ABDUVALIXO‘JAYEV tayyorladi
Manba: «Интерфутбол» газетаси
Yangilik manbasi – https://stadion.uz/