Kayo Jorje: «Xudoga ishonish mislsiz quvvat bag‘ishladi…»
Jahannam azobidan keyingi tabassum – bu ibora Kayo Jorje holatiga juda to‘g‘ri keladi.
Faoliyatini muddatidan oldin tugatish xavfini tug‘dirgan noxush vaziyat qiyinchiligini yengib o‘tgan braziliyalik futbolchi bugun «Yuventus»ga nisbatan muhabbatini baralla izhor etyapti. Muxlislar oradan naq 531 kun o‘tgach, «Alyans Stedium»da yana Jorje o‘yinidan bahra olishdi. Xullas, o‘ta jiddiy jarohat bilan bog‘liq barcha sinovlar ortda qoldi va vunderkind yana orzular og‘ushiga tushdi…
– Kayo, uzoq tanaffusdan keyin 3ta gol bilan qaytdingiz. «Yuve» o‘rinbosarlar jamoasi raqib bo‘lgani «xet-trik» ahamiyatini pasaytirmaydi. Xo‘sh, taassurotlar qanday?
– O‘yinda butun hayotimdagi eng baxtli lahzalardan tuyindim, chunki jarohat chindan ham, o‘ta og‘ir bo‘lib, hattoki, maydonga qaytolmaslik xavfi ham yo‘q emasdi. Faqat ishonch-qat’iyat bilan o‘z ustimda qattiq ishladim va nihoyat qaytdim. Xullas, bu kun faoliyatimda alohida o‘rin tutishi aniq.
– 1,5 yil ortga, o‘sha dahshatli jarohat vaziyatiga qaytamiz. Miyangizni qanday fikrlar chulg‘ab olgani esingizdami?
– Tizzam jiddiy shikastlangani, bu katta muammo ekanligi va mukammal holatga qaytish o‘ta qiyinligini darhol tushungandim. Oddiy aytganda, boshida jarohatning eng yomon oqibatlarini o‘ylayverib, qattiq azoblandim. Chunki tizzam o‘z holatida tiklanmasligidan qo‘rqardim. Xudoga shukr, hammasi ortda qoldi va endi tarixni yaxshi tomonga burishni xohlayman.
– Mana, 531 kundan keyin yuzingizga yana tabassum yugurdi. Bugun boshqacha, yetukroq Kayosiz, shundaymi?
– Boshimga tushgan voqeliklarni nazarda tutsak, inson sifatida ulg‘ayganim rost. Har holda, hozir o‘zimni bosiqroq yigitdek his qilyapman. Binobarin, jarrohlik va uzoq tiklanish jarayoni kundalik hayotda ham boshqacha fikrlashni o‘rgatdi.
– Aynan qaysi ma’noda?
– Endilikda har qanday savolga boshqacha yondashyapman, chunki o‘zgardim. Og‘ir damlarda to‘g‘ri qaror qabul qilish va hammasidan ijobiy ma’no topishni o‘rgandim. Ha, uzoq vaqt o‘yindan tashqarida qoldim, garchi qaytish onlarini kutish va yolg‘iz shug‘ullanish azob bergan bo‘lsada, vaqt zoye ketmadi. Chunki har bir ishga munosabatni o‘zgartirish kerakligini tezda angladim, natijada yakka tartibdagi mashg‘ulotlarda ham rohatlandim, bor kuchim bilan ishladim. Qolgani haqida o‘ylash befoyda.
– Og‘ir kelgan mavsumda jamoaga yordam berolmaslik ham qiynagandir…
– Har kuni davolanish va maxsus mashg‘ulotlarni o‘tash uchun «Kontinassa»ga kelganimda, jamoadoshlarimni ko‘rardim. Albatta, klubning umumiy holatidan xursand emasdim, lekin tez orada qaytishga ishondim. Shu ishonch tiklanish uchun borimni berishga undadi. Bu nimaligini faqat odatiy ritmni yo‘qotgan, deylik, jamoadan ayro qolgan futbolchilargina yaxshi tushunishadi.
– Oldinroq lug‘atingizda «Taslim bo‘lish» iborasi yo‘qligini aytgan edingiz va buni amalda ham isbotladingiz.
– Jarohatdan 8-9 oy o‘tgach, rejadan chetga chiqib, tiklanish jarayonini biroz tezlashtirdim, oqibatda yangi muammolarga yo‘liqdim. Haqiqat shuki, qaytish onlarini kutishga sabrim chidolmadi. Xayriyatki, hammasini vaqtida tushundim va sabrni birinchi o‘ringa qo‘ydim. Aks holda, hozir qaytolmasmidim…?
– Siz kabi uzoq tiklanish jarayonidan o‘tgan Kyeza bilan maslahatlashdingizmi?
– Jarrohlik amaliyotiga mahkum bo‘lgan ko‘plab futbolchilar bilan gaplashdim, ular imkon boricha tinchlantirishdi, qo‘llab-quvvatlashdi. Fede biroz boshqacha jarohat orttirgandi, muhimi, meni ishonchni yo‘qotmaslikka undadi. Umuman, ko‘plab yigitlarning yonimda ekanliklarini yaqqol his qilib turdim.
– «Yuve»da braziliyaliklar ko‘p…
– Ha, Danilo, Aleks Sandro, Bremer… Ular katta yordam berishdi. Shuningdek, Bonuchchi ham tinch o‘tirgani yo‘q, uning e’tibori shunchaki, aql bovar qilmas darajada. Bu borada Rabyo va Pogbani ham tilga olishim joiz.
– Ma’lum vaqt Braziliyada shaxsiy murabbiy bilan ishladingiz.
– «Yuventus» xodimlari doimiy aloqada bo‘lib turdilar, jumladan, klub fizioterapevti. Demoqchimanki, barchasi reja bo‘yicha olib borildi. Endilikda ovqatlanish tartibiga ham o‘ta ehtiyotkorlik bilan qarayapman: jarohatdan keyin boshlangan diyeta hamon amalda. Zero, tiklanish jarayonida to‘g‘ri ovqatlanish ham juda muhim.
– Allegri vaqtida sizni alohida ta’riflagandi: «Kayo ajoyib ijrochi va uni porloq kelajak kutayotganiga aminman»…
– Bunday go‘zal va yoqimli maqtov uchun murabbiydan minnatdorman. Umuman, jarohatlanishdan oldin 5 oy davomida Allegridan ko‘p narsalar o‘rgandim. U ajoyib murabbiy va shunday inson.
– Kundalik ish sirlarini qaysi klubdoshlaringizdan «o‘g‘irladingiz»?
– Turinga kelganimda, Krishtianu Ronaldu tarkibda edi: uning birinchi raqamli fanatiman. Buni o‘ziga ham aytganman. Krish bilan o‘ynash va shug‘ullanish – koni foyda.
– Demak, bosh kumiringiz Krishtianu…
– Shunday. Lekin «Yuventus»dagi boshqa futbolchilarga ham havas bilan qaraganman. Krishtianu shaxsiyatiga kelsak, u insoniylik fazilatlari bilan shunchaki, super ekanligini aytishim joiz.
– Endigi maqsad «Yuventus»da yuqori darajaga ko‘tarilishmi?
– Bu – bolalik orzum. Har doim Yevropada, katta jamoa safida o‘ynashni xohlaganman. Shu o‘rinda bir voqelikni aytib beraman: meni «Yuventus» bilan bog‘lay boshlashgan paytdayoq italyan tilini o‘rganishga tushdim. Shunda agentim ogohlantirdi: «Shoshilma, hali erta, axir endi gaplasha boshladik…». Ammo o‘zim yakuniy qaror chiqarib bo‘lgandim. Ya’ni «Yuve» safiga qo‘shilishimni bilardim va darhol til o‘rganishni xohladim.
– Ko‘proq o‘yin amaliyoti olishingiz uchun ehtimol, ijara varianti ma’quldir. Deylik, «Frozinone»ga o‘tish…
– Aslida «Yuve»da o‘ynashni xohlardim, ammo hammasi o‘zimga bog‘liq emas. Rahbariyat va murabbiy bilan gaplashib, nima yaxshiroq ekanligini tushunishim kerak: ijara safarimi yoki klubda qolib, yana o‘rganish? Kutish kerak, sabr kerak.
– Suhbat yakunida oilangiz haqida ham to‘xtalsangiz.
– Onam men bilan birga, butun reabilitasiya payti, eng murakkab pallalarda muhim rol o‘ynadi. Otam esa Braziliyada, lekin har kuni gaplashib turamiz. Aynan oilam va Xudoga ishonish menga mislsiz quvvat bag‘ishladi.
– Meni «Yuventus» bilan bog‘lay boshlashgan paytdayoq italyan tilini o‘rganishga tushdim. Shunda agentim ogohlantirdi: «Shoshilma, hali erta, axir endi gaplasha boshladik…». Ammo o‘zim yakuniy qaror chiqarib bo‘lgandim. Ya’ni «Yuve» safiga qo‘shilishimni bilardim va darhol til o‘rganishni xohladim.
M.PO‘LATOV tayyorladi
Manba: «Интерфутбол» газетаси
Yangilik manbasi – https://stadion.uz/