«Milan» Leauni sotishga tayyor: «Rossonerilar» portugaliyalik yulduzga narx belgiladi
«Milan» hujumchisi Rafael Leau kelayotgan yozda sotib yuborilishi mumkin. Portugaliyalik futbolchining tez orada jamoani tark etishi tobora haqiqatga yaqin ssenariy bo‘lib ko‘rinmoqda: jurnalist Nikolo Skiraning ma’lumotlariga ko‘ra, agar «rossonerilar»ga o‘yinchi uchun 50 mln yevro taklif qilinsa, ular Leau bilan xayrlashishga tayyor. Hujumchiga bo‘lgan qiziqish muntazam ravishda Yevropaning turli grand klublari bilan bog‘lansa-da, hozircha aniq variantlar mavjud emas.
Rafael Leauning «Milan» bilan shartnomasi 2028 yilgacha mo‘ljallangan. Tomonlar kelishuvni uzaytirish borasida muzokaralar olib borishdi, biroq bir to‘xtamga kela olishmadi. Transfermarkt portali 26 yoshli futbolchining qiymatini 65 mln yevroga baholamoqda. Joriy mavsumda Leau Massimiliano Allegri jamoasi safida 30 ta o‘yinda ishtirok etib, 10 ta gol va 3 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.
Yangilik manbasi – https://stadion.uz/
