Okeaniya FIFAning JCH huquqlarini sotishdan voz kechish qarorini qo‘llab-quvvatladi

Okeaniya futbol konfederasiyasi (OFC) FIFAning so‘nggi harakatlari yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq FIFA turnir huquqlarini sotish bo‘yicha FIFA Forward Enterprise (FFE) nomli yangi tijorat tuzilmasini tashkil etishni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘lgan edi. Biroq futbol konfederasiyalari tomonidan bildirilgan tanqidlar va UYEFAga a’zo mamlakatlar tomonidan Jahon chempionatiga boykot e’lon qilish tahdidi fonida tashkilot prezidenti Janni Infantino ushbu g‘oyadan voz kechishga qaror qildi.

Bugun Okeaniyaning eng yirik a’zosi bo‘lmish Yangi Zelandiya Janni Infantinoning FIFA prezidentligiga nomzodini qo‘llab-quvvatlashni bekor qilgani haqida xabar berilgan edi.

«12 avgust kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilish yakunlariga ko‘ra, Okeaniya futbol konfederasiyasi (OFC) Ijroiya qo‘mitasi FIFAning Forward Enterprise (FFE) bo‘yicha taklifi bilan bog‘liq so‘nggi voqealarni ko‘rib chiqdi.

OFC Ijroiya qo‘mitasi FIFAning FFE taklifini qaytarib olish qarorini va loyiha bilan bog‘liq masalalarni qayta ko‘rib chiqish majburiyatini olqishlaydi.

OFC so‘nggi o‘n yillikda FIFA rahbarligi ostida Okeaniyada futbolni rivojlantirishda erishilgan yutuqlarni tan oladi va FIFAni ushbu qayta ko‘rib chiqish jarayonidan kerakli o‘zgarishlarni aniqlash hamda joriy etish imkoniyati sifatida foydalanishga chaqiradi.

Munosib boshqaruv, shaffoflik va o‘rnatilgan institusional jarayonlarga hurmat bilan yondashish futbolni samarali boshqarish va barqaror rivojlantirishning asosi hisoblanadi. Bu tamoyillar o‘yinning har bir darajasida zarurdir va futbolga aloqador barcha tomonlar tomonidan izchil ravishda unga amal qilinishi kerak.

Futbolni rivojlantirish OFC uchun ustuvor vazifa bo‘lib qolaveradi. Konfederasiya o‘yinni mustahkamlaydigan hamda Okeaniya va butun dunyoda futbolni rivojlantirish uchun mazmunli, barqaror imkoniyatlar yaratadigan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi.

Ushbu ruhga amal qilgan holda, OFC o‘z tarkibidagi assosiasiyalar, FIFA, boshqa konfederasiyalar va futbolning barcha manfaatdor tomonlari bilan konstruktiv muloqot hamda yaqin hamkorlikka sodiq qoladi va dunyoning barcha burchaklarida futbolning keyingi ravnaqini ta’minlaydi», — deyiladi tashkilot bayonotida.

Yangilik manbasi – https://stadion.uz/

Chip Stapleton
Kopirayter