Desham: «Rua o‘z kasalligiga qarshi hurmatga loyiq bo‘lgan qat’iyat bilan kurashdi»
Fransiya terma jamoasi bosh murabbiyi Didye Desham «Brest» klubi bosh murabbiyi Erik Ruaning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi.
«Erik Ruaning fojiali vafoti fransuz futbolini yuqori malakali murabbiy va haqiqiy samimiy, jozibali shaxsdan judo qildi. Uning «Brest» bilan erishgan yutuqlari, ayniqsa, jamoani Chempionlar Ligasiga olib chiqqani u futbolni va o‘z o‘yinchilarini qanchalik chuqur tushunganini ko‘rsatib turardi.
Bundan ikki yil avval UNFP marosimida unga «Liga 1 ning eng yaxshi murabbiyi» sovrinini katta mamnuniyat bilan topshirgan edim. Erik bir nechta klublarda turli lavozimlarda, shuningdek, OAV sohasida faoliyat yuritdi va uning professionalligi doimo hayratga sabab bo‘lardi. U o‘z kasalligiga qarshi hurmatga loyiq bo‘lgan qat’iyat bilan kurashdi.
Shaxsan men Erikni maydondan tashqarida ham yaxshi tanirdim va qadrlardim. Uni hamisha insoniylik fazilatlari yuqori bo‘lgan shaxs sifatida yodda saqlayman. Uning rafiqasi, farzandlari va uni yaxshi ko‘rgan barcha yaqinlariga o‘zimning chuqur va qayg‘uli ta’ziyamni izhor etaman», — deya Deshamning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda L’Equipe.
Chorshanba kuni, 17 iyun kuni 2023 yilning yanvaridan buyon «Brest» klubini boshqarib kelgan fransiyalik mutaxassisning vafot etgani ma’lum bo‘ldi. Uning qo‘l ostida jamoa o‘z tarixida ilk bor Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan edi.
Yangilik manbasi – https://stadion.uz/