APLda navbatdagi iste’fo yaqinlashmoqda
Angliyaning «Vulverxempton» klubi ustozi Vitor Pereyra tez orada iste’foga chiqarilishi mumkin. Bu haqda Molineux News xabar bermoqda.
«Byornli»ga qarshi o‘yindagi 2:3 hisobidagi mag‘lubiyatdan so‘ng jamoa APL turnir jadvalida so‘nggi o‘rinni egallab turibdi, murabbiyning o‘zi esa muxlislar bilan tortishib qolgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, keyingi o‘yinlar uning uchun hal qiluvchi bo‘ladi.
Jamoa 29 oktyabr kuni Angliya Liga kubogi bahsida Londonning «Chelsi» klubini qabul qilsa, 1 noyabr kuni «Fulxem» maydoniga safar qiladi. «Chelsi» tarkibi eng optimal bo‘lmasligi kutilmoqda, bu esa Pereyraga natija ko‘rsatish va rahbariyat munosabatini yaxshilash uchun biroz imkoniyat beradi.
Portugaliyalik mutaxassis jamoani 2024 yildan buyon boshqarib kelmoqda. Joriy yilning sentyabr oyida u 3 mavsumga mo‘ljallangan yangi shartnoma imzolagandi.
Yangilik manbasi – https://stadion.uz/