Kurash: polvonlarimiz qit’ada tengsiz
Janubiy Koreyaning Kvesan shahrida milliy sportimiz kurash bo‘yicha kattalar, yoshlar va o‘smirlar o‘rtasida tashkil etilgan qit’a chempionatining yakuniy natijalariga ko‘ra, 53 ta medalni qo‘lga kiritgan mamlakatimiz vakillari 1-o‘rinni egalladi.
To‘rt kunlik shiddatli bellashuvlar kurash sport turi sifatida qit’ada yanada ommalashib borayotganini, turli mamlakatlardan har tomonlama professional kurashchilar yetishib kelayotganini ko‘rsatdi.
Murosasiz bahslar sarhisobiga binoan 45 ta oltin, 5 kumush va 3 ta bronza medaliga sazovor bo‘lgan yurtimiz polvonlari yetakchilikka erishgan bo‘lsa, 2-o‘rindan joy olgan vyetnamlik kurashchilar 3 ta oltin, 2 ta kumush va 3 bronza medaliga ega chiqdi. Hindistonlik kurashchilar 2 ta oltin, 12 ta kumush, 27 ta bronza, jami 41 ta sovrinli o‘rin bilan kuchli uchlikka yakun yasadi.
Tojikiston, Eron, Janubiy Koreya, Malayziya, Qirg‘iziston kabi 14 mamlakat vakillari ham Osiyo chempionati sovrindorlari qatoridan o‘rin oldi.
Yangilik manbasi – https://stadion.uz/