Pedru Moreyra: «Yigitlar ko‘rsatmalarni to‘g‘ri bajargan taqdirda ijobiy natijalarga erisha olamiz»
«As-Sadd» bilan uchrashuvdan keyin «Paxtakor» bosh murabbiyi Pedru Moreyra va bellashuvning eng yaxshi futbolchisi Brayan Riaskos matbuot anjumanida qatnashdi.
Moreyra: – Juda yaxshi o‘yin ko‘rsatdik. Birinchi bo‘limda to‘liq ustunlikka ega bo‘ldik. Ko‘proq gol urishga intildik. O‘tkazib yuborgan golimiz kichik xato sababli yuzaga keldi. Yigitlar ko‘rsatmalarni to‘g‘ri bajargan taqdirda ijobiy natijalarga erisha olamiz. Navbatdagi bahslarga yanada yaxshi tayyorlanamiz.
Xorijlik futbolchilarni o‘zim tanladim. Ular jamoani kuchaytirishiga ishonganman. Har o‘yinda turli rejalarga egamiz va futbolchilar tarkib uchun kurash olib borishadi. Bu yerda o‘ynab ketish oddiy emas. Jamoaviy birga o‘ynab, yutuqlarga erishamiz. Gol o‘tkazgach ham rejamizdan chekinmadik. Doim shunday o‘ynashni xohlaymiz.
Kim qanday o‘ynayotganini tahlil qilib turaman va shunga yarasha o‘zgarishlarni amalga oshiraman. Bahs borishiga qarab, kimni almashtirish yoki o‘yinga qo‘shish borasida qaror chiqaraman. Raqibni to‘psiz qoldirishga urindik, ular to‘p bilan juda xavfli jamoa. Muxlislar esa shubhasiz bizning 12-o‘yinchilarimiz!
Riaskos: – Murabbiy aytganidek, chiroyli futbol namoyish qildik. Mashg‘ulotlarda ishladik va bu samarasini berdi. Ikki to‘p kiritganimdan xursandman. Jamoadoshlarimga rahmat aytaman va g‘alaba bilan tabriklayman. Muxlislarni ko‘proq xursand qilishga intilamiz.
Imkon qadar ko‘proq gol bilan jamoaga yordam berishga harakat qilaman. Nechta gol urishimni hozir ayta olmayman. Bor kuchimni jamoa manfaati uchun sarflayman.
Manba: pakhtakor.uz
Yangilik manbasi – https://stadion.uz/