Reshford qishda «MYU»ni tark etishi mumkin
Jurnalist Jeymi Jeksonning xabar berishicha, Reshfordning «Manchester Siti»ga qarshi derbi o‘yini uchun arizaga kiritilmagani uning klubdagi kunlari tugayotganidan darak beradi. Biroq bu holat Alexandro Garnachoga taalluqli emas, u hali ham mankunianlar jamoasida o‘ynashga munosibligini isbotlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
«Qizil iblislar» ingliz futbolchisi bilan qishda xayrlashishga tayyor, biroq bu uning haftasiga 350 ming funt sterling maoshi tufayli amalga oshmasligi mumkin.
Klubning yangi bosh murabbiyi Ruben Amorim vinger jamoani tark etishi kerak, deb hisoblaydi. Bu «MYU»ning futbol va futboldan tashqari sohalardagi o‘ziga xosligini qayta shakllantirish uchun muhim qadam bo‘ladi.
«Yunayted»ning hammuassislaridan biri Ser Jim Retkliff Amorimning bu qarashlarini qo‘llab-quvvatlaydi va uning jamoa bosh murabbiyi lavozimiga tayinlanishidan avval o‘zi ko‘rsatgan o‘zgarishlarga intilishidan hayratlanganini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq portugaliyalik murabbiyning o‘zi ham Reshford «MYU»ning tarkibini kuchaytirishga qodir ekanligini aytgan edi.
Manba: isport.ua
Yangilik manbasi – https://stadion.uz/