Murodjon Ahmadaliyevning keyingi jangi qachon bo‘lib o‘tadi?
Birinchi yarimengil vaznda sobiq jahon chempioni, WBA kamari uchun rasmiy da’vogar Murodjon Ahmadaliyevning jang tafsilotlari ma’lum bo‘ldi.
Charm qo‘lqop ustamiz vaqtinchalik WBA kamari uchun jang o‘tkazadi. Murodjon Ahmadaliyev (12-1, 9 KO) 14 dekabr kuni Monte-Karlo shahrida Matchroom promouterlik kompaniyasi tomonidan tashkil etilayotgan prof boks oqshomining markaziy jangida ringga ko‘tariladi. Jang birinchi yarimengil vaznda vaktinchalik WBA kamari uchun bo‘lib o‘tadi.
Shu kuni 29 yoshli bokschimiz meksikalik 27 yoshli Rikardo Espinosa Franko (30-4, 25 KO)ga qarshi ringga chiqadi. Bu bokschi WBA reytingida 13-o‘rinni egallab turibdi. Rikardo Espinosa Franko 2019 yilda yengil vaznda vaqtinchalik WBO kamari uchun ham jang o‘tkazgan edi. O‘shanda u uch vazn toifasida jahon chempioni Jon Ril Kasimeroga 11-raundda nokaut bilan yutqazgandi. Jang to‘xtatilguniga qadar hakamlar hisob-kitobiga ko‘ra durang bo‘lib turgan edi.
Yangilik manbasi – https://stadion.uz/