Belgiyada pirotexnika vositasi portlashi oqibatida futbolchi barmog‘idan ayrildi
Belgiyaning “Menen” klubi futbolchisi Fabio Skiafino muxlis tomonidan maydonga tashlangan pirotexnika vositasini maydondan uloqtirmoqchi bo‘lgan paytida jiddiy jarohat oldi.
Hodisa Belgiya chempionatining to‘rtinchi divizioni o‘yinidan so‘ng ro‘y bergan. O‘yinda “Menen” “Zillebeke”ni 4:0 hisobida mag‘lub etdi. O‘sha kuni o‘zining 26 yoshini nishonlayotgan ikki gol muallifi Skiafino maydondan uloqtirish uchun pirotexnika vositasini qo‘liga olgan paytida portlab ketdi. Natijada futbolchi bitta barmog‘idan ayrildi. Yana ikki barmog‘ining suyaklari jiddiy shikastlandi.
Maydonga pirotexnika vositasini uloqtirgani uchun 21 yoshli yigit polisiya tomonidan hibsga olindi. U dalolatnoma tuzilgach qo‘yib yuborilgan. Yigitni jinoiy javobgarlikka tortish to‘g‘risida qaror prokuratura tomonidan qabul qilinadi. “Menen” klubi hodisa bo‘yicha fuqarolik da’vosi kiritilishini ma’lum qildi.
Manba: daryo.uz
Yangilik manbasi – https://stadion.uz/