Ishsiz iqtidor

So‘nggi yillarda «Arsenal» transfer bozorida avvalgidan yaxshiroq ishlamoqda.

Ba’zan «to‘pchilar»ga oid bir qator savollar tug‘iladi. Lekin ular har doim, masalan, 80 mln. yevroga tushgan Nikolya Pepening xaridi kabi ahamiyatli bo‘lavermaydi. «To‘pchilar»ning oxirgi bir necha transfer darchalaridagi kelishuvlari orasida eng manfaatlisi 2023 yilning qishida «Brayton»dan 24 mln. yevro evaziga o‘tgan Leandro Trossard transferi bo‘ldi. Buni qarangki, Mixail Mudrikni Londonga olib kela olmagan «to‘pchilar» uchun bu kutilmagan sovg‘a bo‘ldi. Goho zarurat tufayli shoshilinch tarzda amalga oshirilgan xaridlar samarali bo‘ladi. Bunga shunday sharoitda «Liverpul» safini to‘ldirgan va «qizillar»ning muhim o‘yinchisiga aylangan «Shtutgart» vakili Vataru Endo misol bo‘la oladi. Klopp yaponiyalik shogirdining mahoratiga yuksak baho bergan holda, uning yanada manfaatliroq shartnomaga munosib ekanligini alohida ta’kidlagandi.

Trossard xususida ham shunday fikr bildirish mumkin. U «Brayton» tarkibida risoladagidek to‘p surdi, APLda o‘ynash tajribasiga ega bo‘ldi, ko‘plab gol va assistlarni amalga oshirdi.

Leandro «Brayton»ga 2019 yilda, «Genk»dagi yorqin mavsumdan keyin kelgandi. O‘shanda u ichki chempionatda sobiq jamoasi tarkibida 14ta gol va 6ta samarali uzatmani amalga oshirgandi. APL muhitiga osonlikcha moslashib olgan belgiyalik iqtidor debyut mavsumida 5ta gol va 4ta assistni rasmiylashtirdi va yildan-yilga sermahsullikni oshirib bordi. O‘tgan mavsum esa belgiyalik 29 yoshli vinger uchun yuksalish mavsumi bo‘ldi. U ayniqsa, birinchi davrani yaxshi o‘tkazib, «Chelsi» va «Manchester Siti» darvozalarini zabt etdi, «Liverpul»ga qarshi bellashuvda xet-trikka erishdi.

Tabiiyki, shundan keyin futbolchining xaridorlari ko‘payib ketdi va yuqorida zikr etilganidek, Trossard londonliklar tarkibiga qo‘shildi. O‘tgan mavsumning ikkinchi davrasida vinger atigi bitta gol urgan bo‘lsada, samarali uzatmalari 10taga yetdi. «To‘pchilar» esa u qatnashgan barcha o‘yinlarni o‘z foydalariga hal qildilar.

Joriy mavsumda Trossard asosiy e’tiborini assistlarga emas, to‘purarlikka qaratdi va barcha turnirlar hisobidan 2ta samarali uzatma, 18ta golni o‘z hisobiga rasmiylashtirdi. E’tiborli jihati, uning ko‘pgina gollari jamoaning ijobiy natijalarini ta’minladi. Masalan, «Chelsi»ga qarshi bellashuvda uning zaxiradan maydonga tushganidan keyin urgan goli muvozanatni tikladi jamoa mag‘lubiyatdan qutulib qoldi, «Everton» darvozasiga yo‘llagan aniq zarbasi muhim 3 ochkoni hadya etdi. Shuningdek, «Liverpul» bilan kechgan muhim bellashuvdan keyin «Arsenal» chempionlik uchun real imkoniyatga ega bo‘ldi. Bundan tashqari, «Bavariya»ga qarshi YECHL chorak finali dastlabki uchrashuvida Trossard zaxiradan maydonga tushganidan keyin 10 daqiqa ichida muvozanatni tikladi.

Ortda qolgan 1,5 yil davomida belgiyalik vinger «Arsenal»ni mushkul vaziyatlardan qutqarib qolgan bo‘lsada, Mikel Arteta hamon uning o‘yin amaliyotini cheklab kelmoqda. Vaholanki, uning pozisiyasidagi asosiy raqobatchi – Gabriel Martinelli hozir bir yil avvalgidek yorqin o‘yinni ko‘rsata olmayapti. Qolaversa, Trossard faqat chap qanotda emas, boshqa chiziqlarda ham samarali to‘p surishga qodir. Arteta uni hujumkor yarim himoyachi va hatto markaziy hujumchi ixtisosida ham sinab ko‘rdi. «Brayton»da ham Leandro ko‘pincha oldingi chiziqda to‘p surgan va «chaykalar» uchun talab darajasidagi 7-8ta golni amalga oshirardi.

Trossard rotasiya o‘yinchisi ekanligini inobatga olganda, uning ko‘rsatkichlari chakki emas. U o‘rtacha har 104 daqiqada gol yoki assistni amalga oshiradi. Undan yaxshiroq natijani faqat Diogu Jota (90), Koul Palmer (87), Muhammad Saloh (80), Erling Xoland (79) va Kallum Uilsonlar (77) qayd etishgan. Lekin shuni ham unutmaslik kerakki, ularning ko‘pchiligi o‘z jamoalarida boshlang‘ich tarkibda maydonga tushadilar. Belgiyalik vinger esa o‘rtacha 43 daqiqa to‘p suradi, xolos. Trossard joriy mavsumda faqat 12 marta boshlang‘ich tarkibda, 16 marta zaxiradan maydonga tushdi. Boz ustiga, Arteta unga ba’zan 20 daqiqadan kamroq imkoniyat beradi.

Trossardning asosiy ustun jihatlaridan biri – universalligi. Bu fazilati faqat pozisiyada emas, o‘yin uslubida ham yaqqol namoyon bo‘ladi. Vinger «Arsenal»dagi gollarining 13tasini chap oyog‘ida, 19tasini o‘ng oyog‘ida urgan. Bu borada Leandro Son Xyun Min, Kristian Eriksen va Kevin de Bryuyne kabi «ikki oyoqli» yulduzlar qatorida. Darvoqe, Kevin ham ikki oyoq bilan samarali to‘p surishga alohida ahamiyat beradigan «Genk»dan o‘tgan. Bir paytlar «Liverpul»da Kloppning ishonchli jokeri maqomida o‘ynagan Divok Origi ham shu klubdan chiqqandi.

Vaqti-vaqti bilan futbol muxlislari va ekspertlarni Artetaning ayrim qarorlari o‘ylantirib qo‘yadi. Avvalroq ular Kay Xaversning maydonga ko‘p tushishidan ajablangan bo‘lsalar, endi Trossardning oz o‘ynashini muhokama qilishmoqda. Biroq boshqa tomondan, «Arsenal» juda ko‘p iqtidorli va sifatli ijrochilarga ega, ularning salohiyatidan maksimal darajada foydalanishga harakat qilishi tabiiy hol, albatta. Belgiyalik iqtidorni rotasiya o‘yinchisi maqomi qanoatlantirayotgan bo‘lsa, e’tirozga o‘rin yo‘q. Muhimi, har bir futbolchi tarkibda o‘z o‘rnini topishi va samarali to‘p surishi lozim. Lekin shunga qaramasdan, agar Trossardga ko‘proq imkoniyat berilsa, u shunga yarasha ko‘proq manfaat keltirish mumkin, degan fikrdan voz kechib bo‘lmaydi.

MUHAMMADSODIQ tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси

Yangilik manbasi – https://stadion.uz/

Chip Stapleton
Kopirayter