Nodirbek Abdusattorov yana bir turnir g‘olibiga aylandi
Nodirbek Abdusattorov Shvesiyada o‘tkazilgan «Tepe Sigeman 2024» turniri chempioni bo‘ldi.
Yetti nafar shaxmatchi ishtirok etgan turnirni hamyurtimiz mag‘lubiyat bilan boshlagandi (Korobovga qarshi o‘yinda). O‘zbek sportchisi qolgan 6 ta o‘yinda 3 g‘alaba va 3 durang qayd etdi. So‘nggi tur oldidan Abdusattorov raqiblaridan 0,5 ochko ortda qolgan holda 4-o‘rinni egallab turgandi. 7-turda hamyurtimiz g‘alaba qozongan bo‘lsa, raqiblar ochko yo‘qotishi natijasida 3 shaxmatchida bir xil — 4,5 ochko to‘plandi.
Shuning uchun Nodirbek Abdusattorov, Arjun Erigaysi va Petr Svidler o‘rtasida blis shaklida tay-brek o‘ynaldi. Hamyurtimiz va Arjun Svidlerni mag‘lub etib, o‘zaro o‘yinda durang qayd etishdi.
G‘olibni aniqlash maqsadida Abdusattorov va Erigaysi o‘rtasida yana ikkita partiya o‘ynaldi. Nodirbek oq donalarda durang o‘ynab, qora donalarda raqibini mag‘lub etdi.
Natijada o‘zbekistonlik shaxmatchi «Tepe Sigeman 2024» musobaqasi g‘olibiga aylandi. Nodirbek mart oyida «Praga Masters» turnirida chempion bo‘lgandi.
Manba: stadion.uz
Yangilik manbasi – https://stadion.uz/