Parij-2024 lisenziatlari: Ikki karra chempionlikni maqsad qilgan Bahodir Jalolov
Bo‘lajak yozgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olgan hamyurtlarimiz orasida nafaqat o‘zbek muxlislari, balki jahon hamjamiyati e’tiborida bo‘ladigan sportchilar bor. Ulardan biri boks bo‘yicha jahon va Olimpiada chempioni Bahodir Jalolov.
Jalolov Bahodir Isomiddin o‘g‘li 1994 yil 8 iyul kuni Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan. 2013 yildan O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida. Murabbiyi To‘lqin Qilichev. 2017, 2019 va 2021 yillar Osiyo chempionligiga erishgan. 2019 yil Yekaterinburg va 2023 yil poytaxtimizda o‘tgan jahon chempionatlarida eng og‘ir vazn toifasida oltin medalni qo‘lga kiritgan. Professional boksda shu paytgacha 14 ta jang o‘tkazib, ularning barchasida g‘alaba qozongan. Rio-2016 Olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi. Tokio-2020 Olimpiadasida +92 kg vazn toifasida oltin medalga sazovor bo‘lgan. Ushbu muvaffaqiyatlari evaziga «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi» hamda «O‘zbekiston iftixori» faxriy unvonlari bilan taqdirlangan.
Xanchjou-2022 yozgi Osiyo o‘yinlarida +92 kg vazn toifasida oltin medalni qo‘lga kiritib, Parij-2024 lisenziatlari safidan joy oldi.
Manba: olympic.uz
Yangilik manbasi – https://stadion.uz/