Dzyudo. Sportchilarimiz Osiyo chempionatining birinchi kunida 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritishdi

Dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Gonkongda o‘tayotgan Osiyo chempionatida dastlabki medallarini qo‘lga kiritdi.

-60 kg vazn toifasida kechgan bahslarda Doston Ro‘ziyev bronza medaliga ega chiqdi. Ahamiyatlisi, Ro‘ziyev uchinchi o‘rin uchun kechgan kurashda boshqa bir hamyurtimiz Dilshod Baratovni ippon bahosi bilan mag‘lub etdi.

Dzyudochimiz Diyora Keldiyorova qit’a birinchiligida shohsupaga ko‘tarildi. -52 kg vazn toifasida qatnashgan hamyurtimiz uchinchi o‘rin uchun bahsda janubiy koreyalik Yerin Jungni mag‘lub etib, bronza medali sohibiga aylandi.

Osiyo chempionatida muxlislar yana bir «o‘zbek derbisi»ga guvoh bo‘lishdi. Bu gal -66 kg vazn toifasida bronza medali uchun kechgan kurashda Sardor Nurillayev va Muhriddin Tilovov to‘qnash kelishdi. Bellashuv Nurillayevning g‘alabasi bilan yakunlandi.

Manba: olympic.uz

Yangilik manbasi – https://stadion.uz/

Chip Stapleton
Kopirayter