«Prague Masters». Nodirbek Abdusattorov qora donalarda Keymerni mag‘lub etdi

Chexiya poytaxti Praga shahrida shaxmat bo‘yicha «Prague Masters» xalqaro musobaqasida bugun 7-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi.

Hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov bu turda germaniyalik Vinsent Keymerga qarshi qora donalarda o‘ynadi. Hamyurtimiz o‘yinni nisbatan sokin boshladi. 23-yurishda esa raqib noaniq yurishni amalga oshirgach, Nodirbek bir piyodani raqibga berdi va ketma-ket kuchli yurishlarni qila boshladi. Oqibatda hamyurtimiz raqibning 3 ta piyodasini yutib olib, raqib Shohini qiyin ahvolga solib qo‘ydi. Keymer 38-yurishdan keyin taslim bo‘ldi.

Nodirbek Abdusattorov ushbu g‘alaba tufayli o‘z ochkolarini 5,0 ochkoga yetkazib oldi. Bugun eronlik Parham Maqsudlu ham g‘alaba qozonib, 4,5 ochko bilan 2-o‘ringa ko‘tarildi. Ertaga ushbu shaxmatchilar o‘zaro to‘qnash kelishadi. Hamyurtimiz oq donalarda o‘ynaydi.

Manba: stadion.uz

Yangilik manbasi – https://stadion.uz/

Chip Stapleton
Kopirayter