Braziliya futboli Olimpiadadan chetda…

Tokio-2020 Olimpiadasi chempioni Braziliya termasi Parij-2024 o‘yinlarida ishtirok etmaydi.

Braziliyalik olimpiyachilar KONMEBOL miqyosidagi saralash raundida muvaffaqiyatsizlikka uchrashdi. Hammasi Argentina termasiga qarshi o‘yinda hal bo‘ldi. Aslida bu uchrashuvda braziliyaliklarni durang ham qanoatlantirardi, ammo ular yagona gol tufayli Olimpiada yo‘llanmasini qo‘ldan boy berishdi. Endi bo‘lajak Olimpiada o‘yinlarining erkaklar futboli yo‘lanishida Janubiy Amerika sharafini Argentina va Paragvay U-23 jamoalari himoya qiladi.

Alohida ta’kidlash kerak, Braziliya futboli 20 yildan buyon Olimpiadadan chetda qolmayotgandi. Qolaversa, braziliyalik olimpiyachilar oxirgi 2ta turnirda oltin medal yutishgandi. Parij yo‘lidagi saralash bosqichiga to‘xtalsak, Braziliya U-23 termasi birinchi bosqichda aytarli muammo sezmadi. Ya’ni Pele izdoshlari guruh bos-qichida 3ta g‘alaba va 1ta mag‘lubiyat qayd etishdi: Boliviya – 1:0, Kolumbiya – 2:0, Ekvador – 2:1 va Venesuela – 1:3. Braziliyaliklar shu tariqa hal qiluvchi raundga o‘tishdi. 

Yakunda Braziliya, Paragvay, Argentina va Venesuela termalari 2ta yo‘llanma uchun yana guruh tizimida kurash olib bordi. Bunda Braziliya olimpiya jamoasi avvaliga paragvayliklarga imkoniyatni boy berdi, keyin venesuelaliklardan revansh oldi. 3-turda esa argentinaliklar bilan bo‘lgan hal qiluvchi bahsning 77-daqiqasida gol qo‘yib yuborib, Parij chiptasidan quruq qoldi. Birinchi bosqich o‘yin-larida 2tadan gol va assist qayd etgan Braziliya U-23 termasi superyulduzi Endrik hal qiluvchi pallada o‘zini ko‘rsatolmadi. «Real»ning bo‘lajak vakili jumladan, Paragvay termasiga qarshi o‘yinda biror samarali harakatni amalga oshirolmadi, boz ustiga, o‘ta tig‘iz pallada penaltidan foydalanolmadi.

Hozirga qadar Parij-2024da ishtirok etadigan 16ta jamoadan 12tasi ma’lum: Fransiya, AQSH, Dominikan Respublikasi, Ispaniya, Isroil, Ukraina, Marokash, Misr, Mali, Yangi Zelandiya, Paragvay, Argentina. Aprel oyiga belgilangan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo kubogida yana 3ta yo‘llanma taqdiriga oydinlik kiritiladi. So‘nggi ishtirokchi bilan esa Osiyo va Afrikaning 4-jamoalari o‘rtasida bo‘ladigan qit’alara «pley-off» o‘yinidan so‘ng tanishamiz.

Manba: «Интерфутбол» газетаси

Yangilik manbasi – https://stadion.uz/

Chip Stapleton
Kopirayter