Karim Benzemaning Saudiyadagi faoliyati tobora yomonlashmoqda
Karim Benzema 2023 yilning yozida “Real”dan “Al-Ittihod” jamoasiga ko‘chib o‘tgan edi, ammo uning Saudiyadagi hayoti o‘zi kutganidek kechayotgani yo‘q.
Hozirda Karim Benzema muammolar girdobida qolgan, futbolchi o‘zi bilan bog‘liq qarorlarda hayratda qolmoqda.
Benzema klub sardori va 15 o‘yinda 9 gol urganiga qaramay, Boxing Day’da Krishtianu Ronalduning “An-Nassr” jamoasidan 5:2 hisobidagi mag‘lubiyatdan beri o‘ynamadi. U yanvar oyida “Al-Ittihod”ning mavsum oldi yig‘inini o‘tkazib yubordi. Bu bosh murabbiy Marselo Galyardo bilan bo‘lgan mojarodan oldinroq sodir bo‘lgan edi.
Oqibatda, Fransiya futbol yulduzi Saudiya Arabistoni Pro Ligasi doirasida “At-Tai”ga qarshi va Qirol Kubogi chorak finalida “Al-Faysaliy” ustidan qozonilgan g‘alabada ishtirok eta olmadi. Shundan keyin ham vaziyat yaxshilanish o‘rniga yomonlashdi. “Al-Ittihod”ning so‘nggi qarori Benzema va uning Yaqin Sharqdagi faoliyati uchun haqiqiy zarba bo‘ldi.
Ispaniyaning AS nashri xabariga ko‘ra, “Al-Ittihod” Benzemani hech qanday sababsiz Namanganning “Navbahor” jamoasiga qarshi o‘yin uchun taqdim etilgan qaydnomadan tushirib qoldirgan.
Foto: Getty Images
Osiyo Chempionlar Ligasida faqatgina besh nafar osiyolik bo‘lmagan o‘yinchilarni turnirda qatnashish uchun tarkibda ko‘rsatishga ruxsat berilgani sababli, “Al-Ittihod” Ngolo Kante, Fabinyo, Ahmad Hegazi, Abdurazzoq Hamdalla va Romarinyoni qaydnomaga kiritgan.
Xabarda aytilishicha, Galyardoning qaroriga Benzemaning jismoniy tayyorgarligi sabab bo‘lgan. 36 yoshli futbolchi hozir Saudiya Arabistonida yolg‘iz mashg‘ulot o‘tkazmoqda, uning jamoadoshlari esa 15 fevral kuni O‘zbekistonda “Navbahor” klubiga qarshi maydonga tushadi.
Saudiyadagi faoliyati xavf ostidaligiga qaramay, Benzema hali ham ushbu mamlakat futbolining rivojlanishidagi uzoq muddatli loyihaga xizmat qilish niyatida.
“Men Saudiya Arabistonida nafaqat futbolchiman, balki futbol ambassadori ham hisoblanaman. Men bu yerga Yevropaning buyuk futbolchilarini olib kelish uchun keldim. Bizning vazifamiz Saudiya Ligasi darajasini ham Yevropa Ligalariga tenglashtirish.
Bundan keyingi faoliyatim qanday bo‘lishini vaqt ko‘rsatadi, lekin faoliyatim qachon tugashini o‘zim hal qilaman. Men qiyinchiliklarga qaramay, mana shu darajaga yetgan inson sifatida eslanishni xohlayman. Bu meni faxrlantiradi”, — deydi Benzema GQ Middle East nashriga bergan intervyusida.
Manba: daryo.uz
Yangilik manbasi – https://stadion.uz/