OCHL. «Navbahor» – «Al-Ittihod». Jamoalar qanday formada o‘ynashi aniq bo‘ldi
Xabaringiz bor, ertaga OFK Chempionlar ligasi nimchorak final birinchi o‘yini doirasida jamoamiz Saudiya Arabistonining “Al-Ittihod” klubiga qarshi bahs olib boradi.
Bugun mazkur o‘yin oldidan uchrashuvning tashkiliy masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda bo‘lajak bellashuv mas’ullari, har ikki ishtirokchi jamoalar, “Markaziy” stadion vakillari, Namangan viloyati tartibni saqlash idoralari hamda tibbiyot sohasi mas’ullari ishtirok etishdi.
Yig‘ilishda uchrashuv komissari Mindu Dorji va o‘yin nazoratchisi Yaser Xalil Ibrohim Abdulla Tulefatlar uchrashuvning tashkiliy jihatlari yuzasidan barcha zarur ma’lumotlarni taqdim etishdi.
Shuningdek, ertangi o‘yinda jamoalar qanday rangdagi liboslarda maydonga chiqishi ham aniqlab olindi. Unga ko‘ra, “Navbahor” ertaga to‘liq ko‘k rangli libosda maydonga chiqadi. Saudiyalik futbolchilar esa oq rangdagi formada harakat qilishadi.
Eslatib o‘tamiz, “Navbahor” – “Al-Ittihod” uchrashuvi 15 fevral kuni soat 19:00da Namangandagi “Markaziy” stadionida bo‘lib o‘tadi.
“Navbahor” PFK matbuot xizmati.
Manba: www.pfcnavbahor.uz
Yangilik manbasi – https://stadion.uz/