Og‘ir atletika. Sarvarbek Zafarjonov oltin va kumush medallarini qo‘lga kiritdi
Poytaxtimizda bo‘lib o‘tayotgan og‘ir atletika bo‘yicha Osiyo chempionatida bugun ertalab 89 kg vazndagi erkaklar sportchilar g‘oliblik uchun bahs olib borishdi. Unda yurtimiz sharafini ikki sportchi himoya qildi.
Dast ko‘tarishda oltin medalni Sarvarbek Zafarjonov qo‘lga kiritdi. Vatandoshimiz 167 kg. og‘irlik bilan ikkinchi o‘rindagi Ali Alipurni 4 kiloga ortda qoldirdi. Yana bir o‘zbekistonlik atlet Nursultan Esbergenov esa 157 kg natija bilan to‘rtinchi pog‘onani egalladi.
Siltab ko‘tarish mashqlari yanada qiziqarli kechdi. Eronlik Alipur 191 kg.ni ko‘tarib, Zafarjonovni kutdi. Sarvarbek ikkinchi urinishda 195 kiloni o‘ziga bo‘ysindirdi, ammo u uchinchi urinishda 198 kg.ni ko‘tara olmadi.
Alipur birdaniga 200 kg. buyurtma berib, qiyinchilik bilan bo‘lsa-da uni ko‘tara oldi. Natijada eronlik atlet ikki urinishda Sarvardan bir kiloga o‘tib ketdi. Siltab ko‘tarishda g‘oliblik esa koreyalik Yu Dong Juga nasib etdi. U 201 kiloni ko‘tardi. Alipur so‘nggi urinishda 202 kg.ni zabt eta olmadi.
Shu tariqa, Zafarjonov dast ko‘tarishda oltin, ikki kurashda esa kumush medalga ega chiqdi. Eronlik Ali Alipur ikki kumush va bir oltin medalga ega chiqdi.
Og‘ir atletika. Osiyo chempionati, erkaklar, 89 kg.
Dast ko‘tarish
1. Sarvarbek Zafarjonov (O‘zbekiston) — 167 kg.
2. Ali Alipur (Eron) — 163 kg.
3. Emil Moldodosov (Qirg‘iziston) — 162 kg.
4. Nursultan Esbergenov (O‘zbekiston) — 157 kg.
Siltab ko‘tarish
1. Yu Dong Ju (J.Koreya) — 201 kg.
2. Ali Alipur (Eron) — 200 kg.
3. Salim al-Xanjariy (O‘mon) — 196 kg.
4. Sarvarbek Zafarjonov (O‘zbekiston) — 195 kg.
Ikki kurash
1. Ali Alipur (Eron) — 363 kg.
2. Sarvarbek Zafarjonov (O‘zbekiston) — 362 kg.
3. Emil Moldodosov (Qirg‘iziston) — 357 kg.
Manba: stadion.uz
Yangilik manbasi – https://stadion.uz/