Shaxmatchi Yan Nepomnyashiy Samarqanddagi rapid bo‘yicha JCHda Magnus Karlsenga berilgan «imtiyoz»dan shikoyat qildi
Rossiyalik shaxmatchi Yan Nepomnyashiy Magnus Karlsenga berilgan «imtiyoz» tufayli Xalqaro shaxmat federasiyasi va O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan rapid hamda blis bo‘yicha jahon chempionati tashkilotchilariga shikoyat qildi. FIDE «ishtirokchilarning hech biriga alohida sharoitlar yaratilmaganini» bildirdi.
Rossiyalik shaxmatchi Yan Nepomnyashiy Xalqaro shaxmat federasiyasi (FIDE) hamda Samarqandda o‘tkazilayotgan rapid va blis bo‘yicha jahon chempionati tashkilotchilariga norvegiyalik Magnus Karslenning «shaxsiy imtiyozlari» yuzasidan murojaat qildi.
«Hurmatli FIDE va jahon chempionati tashkilotchilari, o‘zingizga ma’lumki, barcha hayvonlar teng, ammo ba’zilari boshqalarga qaraganda tengroq. Boshqa hech kimda bunday imkoniyat bo‘lmagan bir paytda Magnus Karlsenning o‘ziga dam olishi va noutbuk yordamida o‘yinlarga tayyorgarlik ko‘rishi uchun shaxsiy xona berish adolatdanmi?» — deb yozgan Nepomnyashiy X`da (sobiq Twitter).
Amerikalik grossmeyster Fabiano Karuana ham rossiyalik hamkasbini qo‘llab-quvvatladi: «Hamma bir xil sharoitda o‘ynashi kerakligini ta’kidlamay bo‘lmaydi».
FIDE «rapid chempionati ishtirokchilarining hech biriga alohida sharoitlar yaratilmaganini» ta’kidladi.
«Agar raundlar oralig‘ida FIDE rasmiylarining taklifiga binoan o‘yinchilardan biriga tashqi binolarga kirish huquqi berilgan bo‘lsa ham, feyr-pley ustidan to‘liq nazorat ta’minlangan. Qolaversa, reglamentga ko‘ra, davralar oralig‘idagi tanaffuslarda hamma o‘z gadjetlaridan foydalanishi mumkin», — deyiladi federasiya xabarida.
Klassik shaxmat bo‘yicha 16 karra jahon chempioni, rapid va blis bo‘yicha amaldagi jahon chempioni Magnus Karlsen rapid bo‘yicha jahon chempionatining birinchi kunidan keyin peshqadamlik qilmoqda. Beshta o‘yinda norvegiyalik 4,5 ochko jamg‘argan. Yan Nepomnyashiy esa 3 ochko bilan 64-o‘rinda bormoqda.
Turnirda jami 13 ta tur o‘tkaziladi va shundan so‘ng g‘olib aniqlanadi. Ikkinchi o‘yin kuni 27 dekabr soat 15:00 da start oladi. Keyin blis bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tadi.
Manba: gazeta.uz
Yangilik manbasi – https://stadion.uz/