FIFA delegasiyasi Buxoro shahridagi sport majmualarini ko‘zdan kechirdi
O‘zbekiston mezbonlik qiladigan 2024 yilgi futzal bo‘yicha Jahon chempionati o‘yinlari Toshkent, Andijon va Buxoro shaharlarida tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Ayni vaqtda mamlakatimizda bo‘lib turgan FIFA mutaxassislaridan iborat delegasiya dastlab Toshkent shahridagi sport inshootlarini o‘rgangan bo‘lsa, bugun Buxoro shahriga tashrif buyurdi.
O‘zbekiston futbol assosiasiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov boshchiligidagi O‘FA ishchi guruhi FIFA vakillarini «Universal» sport majmuasidagi barcha shart-sharoitlar bilan tanishtirdi. Arena maydonini jahon standardlariga mos tarzda tayyorlash hamda jamoalarning kiyim almashtirish xonalari, ofislar, media markaz, kameralar uchun platformalar va boshqa zaruriy sharoitlar FIFA talablariga muvofiq tashkil etilishi bo‘yicha fikrlar almashildi.
Shuningdek, delegasiya vakillari shahardagi «Mercure» va «Wyndham» mehmonxonalariga ham tashrif buyurib, ulardagi sharoit va xizmat ko‘rsatish sifatini ham ko‘zdan kechirdilar.
Manba: ufa.uz
Yangilik manbasi – https://stadion.uz/