Shimoliy Koreyaning ichki siyosati sababli qiynalgan futbolchi ikki yil o‘tib ko‘rinish berdi

«Yuventus»ning shimoliy koreyalik sobiq hujumchisi uzoq tanaffusdan so‘ng JCH-2026 saralashida ko‘rinish berdi.

2014 yil Shimoliy Koreya futbol federasiyasi hamda Italiyaning «ISM» futbol akademiyasi o‘rtasidagi hamkorlik doirasida, 1998 yilda tug‘ilgan shimoliy koreyalik o‘smir futbolchilar jamoasi Italiyaga olib ketilgan. 2017 yilga kelib, ular orasidan Xan Kvan Son «Kalyari» va Choy Son Xyok esa «Perudja» bilan shartnoma imzolashgan.

Xan 18 yoshidayoq «A seriya»dagi ilk golini «Torino» posboni Jo Xart darvozasiga kiritgan. «Perudja»dan Italiyaning yanada quyi ligalariga yo‘l olgan sherigi Choydan farqli ravishda, Xan 2020 yilda «Yuventus» tarkibiga qo‘shiladi. Shu yilning o‘zida BMT Shimoliy Koreyaning yadroviy dasturi bo‘yicha sanksiyalarini kuchaytiradi va Xan uchun muammolar boshlanadi.

Nazariy jihatdan, Shimoliy Koreya yadroviy dasturini moliyalashtirishi mumkin bo‘lgan har qanday jismoniy yoki yuridik shaxsga nisbatan sanksiya qo‘llana boshlanadi. Shimoliy Koreyaning xorijda, shartnoma asosida ishlovchi har bir fuqarosi o‘z maoshining taxminan 80 foizini davlat hisobiga o‘tkazib berishi shart. Bu esa Xanning «Yuventus»da oladigan maoshi – nazariy jihatdan, Shimoliy Koreya yadroviy dasturini moliyalashtirishga ishlatilishi mumkin degani edi.

O‘ziga qo‘shimcha bosh og‘rik orttirishni xohlamagan «Yuventus» rahbariyati Xanni Qatarning «Duxeyl» klubiga sotib yuboradi. Xan mavsum oxiridagi 3 ta goli bilan «Duxeyl»ga Qatar chempionligini qo‘lga kiritishda yordam beradi. Ammo ko‘p o‘tmasdan, ushbu transfer BMT sanksiyalariga zid deb topiladi. «Duxeyl» Xanni yangi mavsum uchun ro‘yxatdan o‘tkaza olmaydi va 2021 yildan keyin Xanni boshqa hech kim, hech qaysi klubda ko‘rmaydi.

Mana oradan 2 yil o‘tib, qahramonimiz Suriyaga qarshi JCH-2026 saralash o‘yinida bir taym harakat qildi. Lekin Xanning qaysi klubda to‘p tepayotgani haligacha noma’lum. Xanning Italiyadagi sherigi Choy Son Xyok so‘nggi marotaba 2020 yil Yaponiyaning «Jubilo Ivata» klubida ko‘rinish bergan bo‘lib, terma jamoa safidagi Suriyaga qarshi o‘yinda zaxirada qoldirildi.

Yangilik manbasi – https://stadion.uz/

Chip Stapleton
Kopirayter