Samvel Babayan: «Ushbu g‘alaba bizga keyingi bosqichga chiqish uchun yaxshi imkoniyat yaratdi»

Osiyo Chempionlar ligasining guruh bosqichi, 4-turidan o‘rin olgan “Nassajiy Mozandaron” – “Navbahor” (1:3) o‘yinidan keyingi matbuot anjumanining birinchi qismida jamoamiz bosh murabbiyi Samvel Babayan va mazkur uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan “lochinlar”ning mahoratli yarim himoyachisi Oston O‘runov ishtirok etishdi hamda OAV xodimlarining savollariga javob berishdi.

Samvel Babayan: — Taxmin qilganimizdek, o‘yin qiyin kechdi. Shunday bo‘lsada, g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘ldik. Ushbu zafar bilan avvalo muxlislarni tabriklayman. Yaxshi va sifatli o‘yin uchun yigitlarga rahmat aytaman. Ushbu g‘alaba bizga keyingi bosqichga chiqish uchun yaxshi imkoniyat yaratdi.

— Guruhingizdan qaysi jamoa keyingi bosqichga chiqadi, deb o‘ylaysiz?

— Keyingi bosqichgami? Avvaldan guruhda “Al-Hilol” yetakchi, qolgan jamoalarda imkoniyat bir xil deb aytgandim. Ayni damda bizda ham 10 ochko mavjud va “Al-Hilol” kabi keyingi bosqich yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun ajoyib imkoniyatga egamiz.

Oston O‘runov: — Assalomu alaykum! Mazkur o‘yinga yaxshi tayyorgarlik ko‘rgandik va Eronga faqat 3 ochko olish niyatida tashrif buyurgandik hamda o‘z maqsadimizga erishdik.

— “Navbahor” 4 ta bahsda 10 ochko to‘pladi. Bu juda zo‘r natija. Jamoangizdan shunday natijani kutganmidingiz?

Samvel Babayan: — Guruhimizdagi “Mumbay Siti” ham, bugungi raqibimiz “Nassajiy Mozandaron” ham yaxshi jamoalar. Bugun g‘alaba qozondik, ammo bu osonlikcha sodir bo‘lmadi. Bizning kvartetdagi klublarda yaxshi va sifatli  murabbiy hamda futbolchilar jam bo‘lishgan.

— O‘zbekiston terma jamoasi JCH-2026 saralashi ikkinchi bosqichida Eron termasi bilan o‘ynaydi. Bu haqda nima deya olasiz?

Oston O‘runov: — Xudo xohlasa, Eron terma jamoasiga qarshi bahsga yaxshi tayyorgarlik ko‘rib, g‘alaba qozonishga harakat qilamiz.

Samvel Babayan: — So‘zim yakunida yaxshi o‘yin va ajoyib tashkilotchilik uchun  “Nassajiy Mozandaron” vakillariga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman hamda jamoaga keyingi o‘yinlarda omad yor bo‘lishini tilayman.

“Navbahor” PFK matbuot xizmati.

Manba: www.pfcnavbahor.uz

Yangilik manbasi – https://stadion.uz/

Chip Stapleton
Kopirayter