«Mumbay Siti»dan irodali g‘alaba

Xabaringiz bor, “Navbahor” Osiyo Chempionlar ligasi (OCHL)ning “D” guruhidan o‘rin olgan va ushbu guruhdan “pley-off” bosqichiga chiqish uchun “Al-Hilol” (Ar-Riyod, Saudiya Arabistoni), “Nassajiy Mazandaran” (Kaemshahr, Eron) va “Mumbay Siti” (Mumbay, Hindiston) jamoalariga qarshi kurash olib bormoqda.

Shu bois, sizlarni “lochinlar”ning OCHL guruhidagi raqiblari borasidagi ma’lumotlar bilan ham tanishtirishga qaror qildik.

Kecha “Nassajiy Mazandaron”ning Eron Pro ligasidagi natijalari haqida to‘xtalgandik. Bu safar esa “Mumbay Siti” borasida ma’lumot bermoqchimiz.

Mumbayliklar 2 noyabr kuni Hindiston Superligasi 5-turidan o‘rin olgan bahsni o‘z maydonlarida “Panjob”ga qarshi o‘tkazib, 2:1 hisobida g‘alaba qozonishdi.

Ta’kidlash joizki, mazkur o‘yindagi barcha gollarga legionerlar mualliflik qilishdi. Uchrashuvning 38-daqiqasida panjobliklarning sloveniyalik hujumchisi Luka Maysen mezbonlar darvozasini aniq nishonga olib, jamoasining tanaffusga 1:0 hisobidagi yutuq bilan chiqib ketishini ta’minladi.

Ikkinchi bo‘limda hujumni kuchaytirgan maydon egalari bir daqiqa ichida, ya’ni, 82-daqiqada 2 ta to‘p kiritishga muvaffaq bo‘lishdi. Gollarga “Mumbay Siti”ning argentinalik va shotlandiyalik hujumchilari – Jorje Pereyra Diaz hamda Greg Styuartlar mualliflik qilishdi.

Natijada ushbu bellashuvda mumbayliklar 2:1 hisobida irodali tarzda g‘alaba qozonishdi.   

Mazkur yutuqdan so‘ng, “Mumbay Siti” Hindiston Superligasida 5 ta bahsdan keyin, 3 ta yutuq, 2 ta durang, 9-6 to‘plar nisbatini qayd etgan holda, 11 ochko jamg‘arib, 12 jamoa orasida 2-o‘rinda bormoqda.

“Navbahor” PFK matbuot xizmati.

Manba: www.pfcnavbahor.uz

Yangilik manbasi – https://stadion.uz/

Chip Stapleton
Kopirayter