Din Xenderson: «Yunayted»da o‘ynash orzu edi…»
Darvozabon Din Xenderson «qizil iblislar»ning ashaddiy muxlisi sifatida ulg‘aydi va 14 yoshida klub akademiyasiga qabul qilindi.
Bir qator jamoalarda ijara muddatini o‘tash asnosida qo‘shimcha tajriba to‘plagan iqtidorli kiper 2020 yilning sentyabrida sabri va mehnatiga yarasha taqdirlandi – «Luton»ga qarshi bahsda nihoyat, «MYU» darvozasini qo‘riqladi. Din shu tariqa sevimli jamoasining jami 29ta rasmiy o‘yinida qatnashdi va asosiysi, «Old Trafford»dagi davrda Angliya milliy jamoasiga chaqirildi. Biroq shunday iste’dod yozgi transferlar muddatining oxirgi kunlari «MYU» bilan xayrlashib, «Kristal Pelas» safiga qo‘shildi. 26 yoshli kiper Janubiy Londonga yo‘l olishdan oldin MY TV kanali mehmoni bo‘ldi va «Yunayted»dagi faoliyatini g‘urur bilan esladi, muxlislarga samimiy minnatdorchilik bildirdi.
– Din, bolaligingizdan «MYU» tizimidasiz. Aytingchi, bu klub siz uchun nimani anglatadi va xayrlashish og‘ir emasmi?
– «MYU»ning faoliyatimda tutgan o‘rnini ta’riflashga ojizman – bu hayotim mazmuni. 14 yoshda «qizil iblislar» safida o‘ynash orzucini ro‘yobga chiqarish uchun kelgandim va shukrki, buni uddaladim. Shunday ekan, qayerga borsam ham, sevimli klubim sha’nini himoya qilaman, unga nisbatan muhabbatimni yuragim tubida saqlayman.
– Demak, «Yunayted»dan ketayotganingizga qaramay, klub bilan aloqani hech qachon uzmaysiz, shundaymi?
– Ha, shubhasiz. Bolaligimdan shu jamoa muxlisiman. «MYU» tizimida butun bosqichlarni bosib o‘tdim va klubni hamon vujudim bilan yaxshi ko‘raman. Albatta, «Old Trafford»da vaqti-vaqti bilan ko‘tarilish va pasayishlarni boshdan kechirdim. Muhimi, bu yerdan ajoyib xotiralar bilan ketyapman.
– Aslida siz kabi akademiya tarbiyalanuvchilari «Yunayted»da hamisha alohida o‘rin tutishgan. «Old Trafford»dagi davrdan qanchalik faxrlanasiz?
– Aql bovar qilmas darajada! 14 yoshda taklif olish, Uaytxavendek mo‘’jaz joydan Manchesterga kelish, qolaversa, akademiyaga Markus Reshford va Skott Maktominey kabilar bilan birga qo‘shilish… Klub bizga muvaffaqiyatga erishish uchun ajoyib platforma taqdim etdi. Shunday ekan, akademiyadagi har bir insondan bag‘oyat minnatdorman. Bu yerda yillar davomida menga katta yordam berishdi, qo‘llab-quvvatlashdi va to‘g‘ri yo‘nalishga undashdi.
– Yaqinlaringiz shuncha vaqt davomida «Yunayted» tizimida qolishingizga qanday munosabat bildirishdi?
– Tabiiyki, ular mudom qo‘llab-quvvatlashdi. 14 yoshda uydan ketishga chog‘langanimda bo‘lgan jiddiy suhbatni yaxshi eslayman. Binobarin, onam-otam uchun mendan ayrilish juda qiyin edi, lekin ular oxir-oqibat, ketishimga ruxsat berishdi, shu bilan orzum amalga oshishiga sharoit yaratishdi. Yaqinlarimning doimiy g‘amxo‘rliklarini aslo unutmayman. Deylik, har hafta bazaga qatnash uchun 3 soatlik yo‘lni bosib o‘tardim, bunda ota-onam hamisha hamrohim bo‘lishardi.
– Qallig‘ingiz ham bu yo‘lda hamisha yoningizda turganini bilamiz…
– U ko‘chish jomadonlarini ko‘rganida, rosa asabiylashadi, lekin oxir-oqibat, ortimdan yuradi, baribir. Mana, yaqinda o‘g‘ilchali bo‘ldik, shuning uchun hozir unga ancha qiyin. Lekin bilaman, meni aslo yolg‘iz qoldirmaydi, barchasini birga yengib o‘tamiz.
– Akademiyadagi davrdan buyon siz uchun alohida qayg‘urgan biror kishi yoki bo‘limni ayta olasizmi?
– Akademiyada har bir xodimning o‘z roli bor va hamma o‘ziga tegishli yo‘nalishlarda yordam berdi. To‘g‘ri, Jek Robinson, Alan Fettis va Kevin Vulfdan iborat darvozabonlar shtabini alohida e’tirof etishim kerak. Shuningdek, hozir asosiy jamoada ishlayotgan Rich Xartis va Kreyg Mousondan ham minnatdorman. Aynan ularning ko‘maklari bilan akademiyada ham, asosiy jamoada ham o‘ziga yarasha muvaffaqiyatlarga erishdim, o‘z o‘rnimni topdim. Bundan faxrlanishim kerakligini ham bilaman.
– Albatta, bolalikdan orzu qilgan sevimli jamoangizning bir qismiga aylanganingiz rost. Avvalo, nimalarni eslaysiz…
– Fakt shuki, jamoa libosini kiyib, «Old Trafford»da maydonga tushdim, yevroarenalarni ko‘rdim, eng muhimi, APLda o‘ynash orzum amalga oshdi. Yana Angliya va Liga kubogida qatnashdim. Bolaligimda aynan shularni ko‘zlaganman. To‘g‘ri, hozir ketishga to‘g‘ri kelayotgani biroz achinarli…
– Shuningdek, bu yerda bir qator muhim lahzalar aro suzdingiz. Kelajakda «Yunayted»ga bog‘liq qaysi vaziyatlarni ko‘proq o‘ylaysiz?
– Ortga nazar solib aytsam, birinchi marta asosiy jamoa libosida maydonga tushganimni hech qachon unutmayman. Qisqasi, «Luton»ga qarshi kechgan kubok o‘yini xotiramga abadiy muhrlangan. Umuman, debyut har kim uchun o‘ziga xos lahza hisoblanadi. Esimda, o‘sha uchrashuvdan keyin naq bir hafta davomida to‘lqinlanib yurganman, ijobiy ma’noda o‘zimga kelolmaganman.
– Endi faoliyatingizda yangi sahifa ochilmoqda. Xo‘sh, ushbu bobni bitishga qanchalik tayyorsiz?
– Tabiatan juda g‘ayratli yigitman va «Kristall Pelas» variantini ham oldinga tashlangan qadam sifatida ko‘ryapman. O‘ylaymanki, potensialimni maksimal darajada oshirish uchun eng maqbul variant yuzaga keldi. To‘g‘ri, «MYU»dan ketish ba’zan alam uyg‘otishi mumkin, asosan ishonch va ichki tuyg‘u tufayli. Ammo haqiqat shuki, faoliyatimga nazar tashlab, potensialimni hali to‘liq namoyon etmaganimni tushunaman. Har holda, hali o‘z so‘zimni baralla aytishni xohlayman. Chunonchi, chindan ham, ko‘zlagan eng yuqori darajaga ko‘tarilganimcha yo‘q. Yangi jamoada aynan shuni isbotlashni xohlayman. Ko‘ramiz, tanlagan yo‘lim meni qayergacha olib borarkin…?
– «Yunayted» muxlislariga xayrlashuv so‘zlaringiz bo‘lsa, marhamat…
– Avvalo, barchaga chin yurakdan katta rahmat! Har qanday holatda bu klubni yaxshi ko‘raman, uni qo‘llab-quvvatlashda davom etaman. Aytganimdek, yaqinda o‘g‘ilchali bo‘ldik va u kelajakda «qizil»ni tanlaydi, shubhasiz! Hammasi uchun yana bir marta rahmat va muxlislarga eng yaxshi tilaklarni yo‘llab qolaman.
– Tabiatan juda g‘ayratli yigitman va «Kristall Pelas» variantini ham oldinga tashlangan qadam sifatida ko‘ryapman. O‘ylaymanki, potensialimni maksimal darajada oshirish uchun eng maqbul variant yuzaga keldi. To‘g‘ri, «MYU»dan ketish ba’zan alam uyg‘otishi mumkin, asosan ishonch va ichki tuyg‘u tufayli. Ammo haqiqat shuki, faoliyatimga nazar tashlab, hali potensialimni to‘liq namoyon etmaganimni tushunaman. Har holda, hali o‘z so‘zimni baralla aytishni xohlayman.
MUHAMMADXON tayyorladi
Manba: «Интерфутбол» газетаси
Yangilik manbasi – https://stadion.uz/