Konstantinos Mavropanos: «APL har doim dunyodagi eng yaxshi liga bo‘lgan»

«Vest Xem Yunayted»ning yangi o‘yinchisi Konstantinos Mavropanos uchun Premyer-liga futbolining ta’mi ikkinchi marta shirinroq bo‘lishi aniq.

Dastlab Gresiya terma jamoasi o‘yinchisi 20 yoshida, 2018 yilning yanvarida Angliyaga ko‘chib o‘tgandi. Va 3 oydan so‘ng «Manchester Yunayted»ga qarshi o‘yinda debyut qilgani bilan ijobiy taassurot qoldirgandi, ammo «Nyurnberg» ijaraga berilishidan oldin 2 yil ichida «kanonirlar» uchun atigi 8 o‘yin o‘tkazdi. U yerda va keyinchalik «Shtutgart»da Mavropanos o‘yinchi va shaxs sifatida Bundesliganing eng ishonchli markaziy himoyachilaridan biriga aylandi. Afinalik futbolchi nafaqat himoyada, balki aniq paslari bilan samarali hujumlarni amalga oshirishga va uzoq masofadan beriladigan kuchli zarbalari yordamida ajoyib gollarni urishga qodir texnika sohibidir. Oilasi, do‘stlari va jamoadoshlari orasida «Dinos» nomi bilan tanilgan 25 yoshli futbolchi endi Yevro-2024 uchun saralashida kurashayotgan termasining doimiy o‘yinchisi bo‘lib, Londonga qaytdi va turnir davomida o‘z fazilatlarini namoyish etishga tayyor.

— «Vest Xem Yunayted»ga xush kelibsiz, Dinos! Ilk taassurotlar qanday?
— Hozir bu yerda turganimdan va «Vest Xem Yunayted» bilan APLga qaytganimdan juda xursandman.

— «Chelsi» bilan derbini kuzatdingiz. Yangi jamoangiz o‘yini va atmosfera haqida qanday fikrdasiz?
— Atmosfera ajoyib edi, muxlislarga gap yo‘q va natija jamoa uchun juda yaxshi bo‘ldi. U yerda bo‘lish juda ajoyib edi va men buni boshdan kechirish uchun maydonga chiqishni sabrsizlik bilan kutyapman. Bu o‘yinni birinchi o‘yinim sifatida ko‘rish baxtiga muyassar bo‘ldim va bu katta g‘alaba edi, shuning uchun maydonga chiqishni intiqlik bilan kutaman.

— 18 yoshingizda uyingizni tark etib, Yaninaga — «PAS» safiga borib qo‘shildingiz. Buni faoliyatingiz uchun katta qurbonlik sifatida ko‘rasizmi?
— Ha, lekin orzu sari yurish qilganda, sizda tanlov imkoni yo‘q, deb o‘ylayman. Men sevgan ishimni qilaman va shuning uchun ham shunday qildim. Avvaliga «PAS»ga o‘tdim va u yerda professional bo‘lishdan, rivojlanishni boshlashdan va hozirgi darajamga erishish uchun o‘sishga erishganimdan juda xursand bo‘ldim.

— Bolaligingizda maydonda kimga o‘xshashga urinardingiz?
— Men hech kimga o‘xshashlikka harakat qilmadim, lekin o‘sha paytda menga Paolo Maldini o‘yinlari yoqardi. Zamonaviy futbolda esa Serxio Ramos harakatlaridan hayratga tushaman, lekin shunday bo‘lsada, har doim maydonda o‘zim bo‘lishga harakat qilardim.

— Siz Shtutgartdan keldingiz va o‘yin uslubingiz bilan tanish bo‘lmaganlar uchun o‘zingizni qanday ta’riflagan bo‘lardingiz?
— Aytishim mumkinki, men jamoaviy o‘yinchiman, shuning uchun jamoaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yordam berishga harakat qilaman va har doim himoyani o‘ylayman, chunki men himoyachiman!

— Bundesliganing o‘tgan mavsumida to‘pni olib qo‘yish bo‘yicha yetakchilik qildingiz. Raqib paslarini nishonga yetib bormasdan tutib olish qobiliyatingizning siri nimada? Kutishmi, joylashishmi yoki istak?
— Shunchaki jamoa uchun yaxshi ishlashga harakat qildim, chunki uning falsafasi hamma narsada farq qiladi, shuning uchun birinchi navbatda darvozamizni himoya qilish uchun qo‘limdan kelganini qilishga harakat qilaman, keyin hujumda biror narsa qila olsak, yaxshi bo‘lardi.

— Siz himoyachisiz, lekin Bundesliga tomonidan havola etilgan «Mavropanosning gollari va mahorati» videosini ko‘rdik va «Shtutgart» safida urgan gollaringiz aql bovar qilmas edi!
— Ha, bir nechta chiroyli gollar urdim, buni ayta olaman! Ammo mening asosiy vazifam darvozamizni himoya qilishdir.

— Bo‘yingiz bosh bilan gollar urishga imkon beradi. Shunday ekan, ajoyib assist Jeyms Uord-Prouz bilan o‘ynashni qanchalik kutyapsiz?
— Eng muhimi, u ajoyib o‘yinchi. Maydondagi xotirjamligiga esa shunchaki aql bovar qilmaydi. U bilan birgalikda kombinasiyalar amalga oshirishni intiqlik bilan kutaman.

— Angliyaga uch yarim yildan so‘ng qaytdingiz. Aytingchi, bu vaqt orasida siz uchun o‘yinchi va inson sifatida nima o‘zgardi?
— Men juda ko‘p bosqichlarni bosib o‘tdim va Germaniyaga sayohat qilishim kerak edi: bu men va faoliyatim uchun juda foydali bo‘ldi, chunki futbolchi sifatida o‘sishimga, ko‘proq ishonchga ega bo‘lishimga va yaxshilanishimga yordam berdi, shuning uchun u yerda bo‘lish juda yaxshi edi. «Shtutgart»da o‘z ustimni ko‘p ishladim. Men u yerda juda ko‘p o‘yinlar o‘tkazdim, katta ishonchga ega bo‘ldim va yana bu harakatga tayyorman.

— Bu vaqt ichida Premyer-liga darajasi ko‘tarilganmi?
— Har doim yuqori darajada edi. Menimcha, bu dunyodagi eng yaxshi liga va boshqa ta’rifga hojat yo‘q.

— Gresiya Yevro-2004ni yutganiga 20 yil bo‘ldi, bu juda mashhur yutuq. O‘shanda siz 6 yoshda bo‘lgansiz, buni eslaysizmi? Va bu Gresiyaning yosh futbolchilariga katta ta’sir ko‘rsatdimi?
— Portugaliyaga qarshi finaldagi gol (Angelos Xaristeas gol urgan)dan keyin ko‘chalardagi bayramni yaxshi eslayman. Hamma ko‘chada edi va xuddi filmlardagi kabi bayram qilishdi! O‘shandan beri ko‘plab yaxshi saviyadagi yunon futbolchilari butun dunyo bo‘ylab tarqaldi va bu yosh yigitlarga sport bilan shug‘ullanish, unga ishtiyoq berish uchun katta turtki berdi.

— Yangi Umbro 2023/24 liboslari fotosessiyasida qatnashdingiz. Xo‘sh, qaysi biri yoqdi?
— Ularning barchasi yoqdi, lekin oq ranglisi (safar o‘yini libosi) menga chiroyliroq ko‘rindi!

— «Qizil-ko‘k rangli armiya»ga yo‘llaydigan xabaringiz bormi?
— Stadion maydonida o‘ynash va sizga baxt berish uchun borimni beraman.

MUHAMMADXON tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси

Yangilik manbasi – https://stadion.uz/

Chip Stapleton
Kopirayter