To‘p bilan tillashish ustasi

«Liverpul», «Real» va «Bavariya»dek grandlar muxlislari xotirasidan «uzatmalar ustasi» maqomida o‘rin olgan Xabi Alonso uchun har qancha maqtov kamlik qilishiga shubha yo‘q.

«Bayer»ning amaldagi bosh murabbiyi to‘p bilan muomala qilish borasida Andrea Pirlo va Bastian Shvaynshtaygerdek afsonalar kabi o‘z davrining yetakchi tayanch yarim himoyachilaridan biri edi. Menejerlar, jamoadoshlari, raqiblari, hatto u tufayli darvozalaridan to‘p olib chiqishga majbur bo‘lgan darvozabonlar ham ispaniyalik noyob iqtidor sohibining mahoratini chuqur hurmat va samimiyat bilan e’tirof etishgan. Marhamat, tanishing, zavqlaning va baho bering.

Mesut O‘zil

«Shu qadar fantastik uzatmalarni amalga oshiradigan o‘yinchini hech qachon ko‘rgan emasman».

Yupp Xaynkes

«Xabi Alonso «Liverpul» va «Real»dek nomdor jamoalarning har birida 5 yildan to‘p surdi. U doimo jahon miqyosidagi futbolchi bo‘lgan va buni «Bavariya»da isbotladi».

Stiven Jerrard

«2004 yil avgustidagi ilk mashg‘ulotimizdan keyin Alonsoning aslzodalar ajdodidan ekanligiga ishonch hosil qildim. Qaysidir jihatdan uni men bilan yonma,yon to‘p surgan futbolchilar orasidagi eng yaxshi markaziy yarim himoyachi, deb hisoblayman».

Joze Mourinyo

«Xabi Alonsoni metronomga, Xavi Ernandes uslubidagi futbolchiga o‘xshataman. Vaqti kelib, butsalarini mixga ilgan paytida, u malakali murabbiyga aylanishiga shubha qilmayman. Xabi menga futbolchi Xosep Gvardiolani eslatadi: maydonda to‘p surayotgan paytida ham o‘zini murabbiylardek tutadi».

Rafa Benites

«Xabi juda aqlli o‘yinchi. Uning olis va qisqa uzatmalari hayratlanarli. Undagi mahorat jismoniy quvvatidan kuchliroqdek, go‘yo».

Kevin Makkarra, yozuvchi

«Aql bovar qilmas darajadagi tajribali futbolchi delle Alpidagi stadionda mahorat jismoniy quvvatdagi jiddiy kamchilikni bartaraf etishi mumkinligini isbotladi».

Inyaki Sayss

«To‘pni jamoadoshlariga yetkazish bobida Alonsoga tenglasha oladigan o‘yinchi yo‘q hisobida. Bundan tash­qari, maydondagi vaziyatni notabiiy aniqlik bilan his etadi».

Jeymi Karrager

«U menga doimo o‘zimni erkin tutishni va miyani ishlatishni tavsiya etardi. Biroq bu har doim ish beravermasdi».

Pepe Reyna

«Xabi o‘ta vazmin va ajoyib yigit – jamoadagi yaqin do‘st. Uning futboldagi fazilatlarini gapirishning hojati yo‘q: nimalarga qodir ekanligini muxlislar yaxshi bilishadi U – dunyodagi eng mukammal yarim himoyachilarning biri».

Yurgen Klopp

«Xabi Alonso – shubhasiz, jahon miqyosidagi o‘yinchi. Qiziq, «Real»dagilar uni sotayotgan pallada shunday tengi yo‘q futbolchidan judo bo‘lish nechog‘li to‘g‘ri qaror ekanligi xususida o‘ylab ko‘rishganmikan?».

Xosep Gvardiola

«Agar biz  o‘z raqiblarimizni ta’qib etish maqsadida olganimizda, uni unutishimizga to‘g‘ri kelardi. Chunki u eng noshud o‘yinchiga aylanib qolardi. Biz Xabini o‘yinda gegemonlik qilish maqsadida xarid qildik. To‘pga egalik qilgan paytida xabi eng yaxshi o‘yinchi maqomiga ko‘tariladi, o‘yin shiddatini oshiradi. Bunday o‘yinni faqat uning saviyasidagi yarim himoyachilar namoyish etishlari mumkin. Alonso murabbiydan qandaydir saboq olishga muhtoj emas».

Piter Krauch

YECHL finali arafasida Portugaliyada bo‘lib, bo‘sh paytimizda kartingda sayr qilgandik. So‘nggi burilishdan o‘tish chog‘ida chuqurga tushib ketdim. To‘xtash uchun tormozni bosdim. Lekin tormoz ishlamay qoldi… Shu payt ro‘paramda Xabi va Kaytni ko‘rib qoldim va xayolimdan bir fikr o‘tdi: kimni asrab qolish muhimroq? Men rulni Kayt tomon burdim».

Roberto Manchini

«Barselona o‘yinchilari to‘pni mo‘ljallangan nuqtaga yetkazish uchun kamida 25ta uzatmadan foydalanadilar. Xabi esa bu ishni bitta uzatma bilan uddalaydi».

Jon Arne Riise

Uzatmalar ustasi. Boshqa birorta futbolchi to‘pni u kabi yetkazib bera olmaydi. «Enfild»dagi debyut uchrashuvida to‘pni uzoq vaqt hech kimga bermay olib yurgani sira esimdan chiqmaydi. Tengsiz o‘yinchi».

Mikel Arteta

«Men u bilan hamshahar ekanligim bilan faxrlanaman. Chunki u hamma yerda muvaffaqiyatga erishdi. Uning qanday mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi, maydonda o‘zini qanday tutishi har qanday yosh tarbiyalanuvchilar uchun namuna bo‘la oladi».

Matias Zammer, «Bavariya»ning sobiq sport direktori

«Xabi Alonso to‘pni nazorat qilish va kerakli nuqtaga yetkazib berish bobida aql bovar qilmaydigan darajadagi qobiliyat sohibi. U o‘yinni yaxshi his etadi, himoyada ishonchli o‘ynaydi va jismonan o‘ta kuchli futbolchi. Uning klubdagi davri har qanday kishiga faqat zavq bag‘ishlaydi».

 A.ABDUVALIXO‘JAYEV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси

Yangilik manbasi – https://stadion.uz/

Chip Stapleton
Kopirayter