45 yilda ilk marta biror Maldinisiz…

Yangi mavsumda «Milan» tizimida afsonaviy Maldinilar sulolasining biror vakilini ko‘rmasak kerak.

Shu bilan klub hayotida naq 45 yil davom etgan an’ana xotima topdi. Qay­g‘uli. Ayniqsa, Maldinilar sulolasi vakillarining o‘yinlaridan sehrlangan «Milan» muxlislari uchun juda qayg‘uli.

Shu yoz boshida Paolo Maldini «Milan» texnik direktori lavozimidan iste’foga chiqarildi, 10 iyul kuni esa uning o‘g‘li Daniel «Empoli»ga yuborildi – ijara safari. Xullas, jamoada 1978 yili boshlangan Maldinilar sulolasi yurishi uzildi. Oddiy aytganda, «Milan» oxirgi 45 yil badaliga mavsumni ilk marta Maldinilar oilasining biror vakilisiz boshlaydi.

Alohida fakt: «Milan»ning 123 yillik tarixining deyarli yarmida Maldinilar sulolasi imzosi bor. Aniqroq aytganda, bu oila vakillarining klubdagi faoliyati davomiyligi jami 60 yilni tashkil etadi. 2021 yilning yanvarida Maldinilar oilasining «Milan» libosidagi o‘yinlari soni 1000taga yetgandi. Sulola yurishi afsonaviy Chezare Maldini bilan boshlangan. 1954 yili futbolchi sifatida «Milan» libosini kiygan katta Maldini keyinchalik klub murabbiyi va texnik direktori rolida ishladi. Maldinilar sulolasi natijasida eng katta ulash afsonaviy sardor Paolo hisobiga to‘g‘ri keladi, albatta. 10 yoshida klub tizimiga kirgan o‘rtancha Maldini «San Siro»da yorqin iz qoldirdi. Deylik, Paolo futbolchilik faoliyati davomida Yevropa Chempionlar kubogi turnirining o‘zida 5 marta g‘olib chiqdi. U keyinchalik jamoa rahbariyati vakili sifatida ham skudetto sohibiga aylandi. 

Paoloning futbolchilik fao­liyati yakunlaganidan so‘ng sulolaning «Milan»dagi yurishi davomiyligini uning o‘g‘illari uzaytirishdi. Avvaliga otasi va bobosidan o‘rnak olgan Kristian markaziy himoya­chi rolini tanladi, biroq unga asosiy jamoa safida maydonga tushish nasib etgani yo‘q. Vaholanki, Kristian Primavera jamoasida sardor maqomiga ko‘tarilgandi. 27 yoshli futbolchi avvalgi mavsumni «C» seriyada, «Lekko» safida o‘tkazdi, to‘g‘ri, atigi 3ta o‘yin­da qatnashdi. Jamoa mavsum yakunida yuqori divizionga ko‘tarildi, ammo 1 iyul kuni Kristianga javob berildi. Paoloning kenja o‘g‘li Danielning faoliyati nisbatan qiziqroq tus olmoqda hozircha. U yarim himoyachi sifatida o‘ynashni xohladi va hattoki, skudetto sohibiga ham aylandi. Daniel avvalgi mavsum «Spesiya»da ijara muddatini o‘tadi – 20ta o‘yinda 3ta gol. Mana, «Milan» rahbariyati 21 yoshli yarim himoyachiga yana ehtiyoj sezmadi va uni iqtidorlarni yangi saviyaga olib chiqishni yaxshi biladigan «Empoli»ga berdi – yana ijara safari. Demak, Danielda hali jonajon klubiga qaytish imkoniyati bor. Chunonchi, uning shartnomasi 1 yilga mo‘ljallangan. To‘g‘ri, «Empoli» mavsum yakuniga qadar kichik Maldini transferini to‘liq sotib olishi mumkin, «Milan»da esa uni qayta olish huquqi bor.

MALDINILAR SULOLASI «MILAN»DA

Chezare Maldini

Futbolchi – 1954-1966 yillar

Murabbiy – 1971-1974 yillar

Texnik direktor/murabbiy – 1998-2003 yillar

Paolo Maldini

Futbolchi – 1978-2009 yillar

Texnik direktor – 2018-2023 yillar

Kristian Maldini

Futbolchi – 2004-2013, 2014-2016 yillar

Daniel Maldini

Futbolchi – 2010-2022 yillar

Manba: «Интерфутбол» газетаси

Yangilik manbasi – https://stadion.uz/

Chip Stapleton
Kopirayter