«Barselona» ijaraga olingan hujumchini to‘liq sotib olishga qaror qildi
Hujumchi Xamza Abdelkarim tez orada doimiy asosda «Barselona» klubiga o‘tadi. Qishki transfer oynasida «ko‘k-anorranglilar» misrlik futbolchini Qohiraning «Al-Ahli» klubidan joriy mavsum yakuniga qadar ijaraga olgan edi.
Jurnalist Gabriel Sansning bergan ma’lumotlariga ko‘ra, Ispaniya klubi 18 yoshli futbolchini to‘liq sotib olish huquqidan foydalanishga qaror qilgan. Ushbu kelishuv «Barselona»ga 3 million yevroga tushadi, bonuslar bilan esa bu summa 5 million yevrogacha yetishi mumkin.
E’tiborli jihati shundaki, Xamza Abdelkarim muqaddam milliy jamoa safida umuman maydonga tushmagan bo‘lsa-da, Misr terma jamoasining Jahon chempionati uchun yakuniy qaydnomasidan joy oldi. Istiqbolli hujumchi hozircha «Barselona»ning asosiy tarkibida ham o‘yin amaliyotiga ega bo‘lgani yo‘q — u klubning o‘rinbosarlar jamoasida tajriba to‘plamoqda.
Yangilik manbasi – https://stadion.uz/