Gyuler «Real»da Vinisius va Kroosning natijalarini ortda qoldirdi

Madridning «Real» klubi yarim himoyachisi Arda Gyuler La Liganing joriy mavsumida noyob statistik ko‘rsatkich qayd etdi. 21 yoshli turkiyalik futbolchi Ispaniya chempionati doirasida 70 ta xavfli vaziyat yaratdi — bu klubning so‘nggi yillardagi eng yaxshi natijasidir. Bu haqda Madrid Muse xabar tarqatdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, «qaymoqranglilar»ning hech bir futbolchisi 2019/20 yilgi mavsumdan beri bunday ko‘rsatkichga erishmagan edi. Ushbu davr ichidagi ikkinchi natija Vinisius Juniorga tegishli bo‘lib, u 2021/22 yilgi mavsumda 68 ta xavfli vaziyat yaratgan. Kuchli uchlikni Toni Kroos yakunlab turibdi — germaniyalik yarim himoyachi 2020/21 yilgi mavsumda jamoadoshlariga 67 ta zarba berish imkoniyatini yaratib bergan.

Joriy mavsumda Arda Gyuler La Liga doirasida 32 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga 4 ta gol va 9 ta golli uzatmani yozib qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi.

Yangilik manbasi – https://stadion.uz/

Chip Stapleton
Kopirayter