Peti «Real» futbolchisi haqida: «Uni «Arsenal»da ko‘rishni istardim»

Mashhur sobiq futbolchi Emmanuel Peti Madridning «Real» klubiga tegishli bo‘lgan va ayni damda ijara asosida «Lion»da to‘p surayotgan Endrikning o‘yinidan hayratda ekanligini bildirdi.

19 yoshli hujumchi o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish uchun yanvar oyida Fransiyaga yo‘l olgan edi va u yerda o‘zini ko‘rsatishga ulgurdi. Braziliyalik futbolchi «qaymoqranglilar» tarkibiga qaytgach, asosiy jamoada imkoniyatga ega bo‘lishi yoki bo‘lmasligi hozircha noma’lum.

«Endrik juda iqtidorli, ammo ba’zida xuddi yovvoyi otday boshqarib bo‘lmas darajada harakat qiladi. Maydonda vaqti-vaqti bilan haddan tashqari xudbinlik qilishi mumkin, lekin uning ulkan salohiyati yaqqol ko‘rinib turibdi. Bu yigit — haqiqiy olmos, unga rivojlanish uchun to‘g‘ri muhit kerak. Uning qobiliyatlarini bilgan holda, men uni «Arsenal»da ko‘rishni istardim», — deydi o‘z vaqtida «kanonirlar» safida to‘p surgan Peti.

Ma’lumot uchun, Endrik «Lion» safidagi 19 ta o‘yinda 8 ta gol va 7 ta golli uzatmani o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi.

Yangilik manbasi – https://stadion.uz/

Chip Stapleton
Kopirayter