«Milan» muxlislari Rafael Leauning o‘yinidan norozi
Italiya A Seriyasining 34-turi doirasida kechgan «Milan» va «Yuventus» (0:0) o‘rtasidagi bahsda mezbonlar muxlislari jamoa vingeri Rafael Leauga nisbatan norozilik bildirishdi.
Uchrashuvning 80-daqiqasida Leau zaxiraga olinib, uning o‘rniga Kristofer Nkunku maydonga tushgan paytda, «San-Siro» stadioniga tashrif buyurgan «rossoneri» muxlislari portugaliyalik futbolchini hushtaklar bilan kuzatib qo‘yishdi. Avvalroq Leau 32-tur doirasidagi «Udineze»ga qarshi uy uchrashuvidan (0:3) so‘ng ham shunday holatga duch kelgan edi.
Ma’lumot uchun, Rafael Leau joriy mavsumda A Seriyada 9 ta gol urgan holda jamoaning eng yaxshi to‘purari bo‘lib turibdi. Biroq portugaliyalik futbolchi so‘nggi oltita o‘yinda faqatgina bitta golli uzatmani amalga oshirdi, xolos.
Yangilik manbasi – https://stadion.uz/
