Ruben Amorim “Manchester Yunayted”ning muammosiga yechim topdi
Frankfurtning “Ayntraxt” klubi darvozaboni Kaue Santos Angliya Premyer Ligasiga yo‘l olishi mumkin. Bild nashrining yozishicha, 22 yoshli braziliyalik posbonga “Manchester Yunayted” jiddiy qiziqish bildirmoqda.
Manbaga ko‘ra, “Ayntraxt” Santos bilan xayrlashishga tayyor, biroq buning uchun kamida 60 million yevro talab qilmoqda. Futbolchining klub bilan amaldagi shartnomasi 2030 yil yozigacha mo‘ljallangan.
Ancha vaqtdan beri mankunianliklarning asosiy nozik nuqtalaridan biri darvoza chizig‘i bo‘lib qolmoqda. Klubning kamerunlik posboni Andre Onana ko‘plab xatoga yo‘l qo‘yib, darvozasini daxlsizligini saqlab qololmayapti. Shuningdek “MYU”ning turkiyalik kiperi Altay Bayindir ham ishonchni oqlagani yo‘q. Shu bois Ruben Amorim klubga boshqa posbon olib kelishni istamoqda.
Joriy mavsumda Kaue Santos “Ayntraxt” safida 13 ta uchrashuvda maydonga tushib, ularning uchtasida darvozasini “quruq” saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi.
Manba: daryo.uz
Yangilik manbasi – https://stadion.uz/