Enrike nima uchun Dembele bilan ziddiyatga tushib qolgani ma’lum bo‘ldi
«PSJ» bosh murabbiyi Luis Enrike Usmon Dembelening xatti-harakatidan mamnun emasdi. Ispaniyalik mutaxassis fransiyalik futbolchini intizomiy sabablarga ko‘ra Londonning “Arsenal” jamoasiga qarshi Chempionlar ligasi o‘yinida qaydnomadan chetlatgandi.
L’Equipe nashri xabariga ko‘ra, futbolchi va murabbiy o‘rtasidagi birinchi keskin vaziyat mavsum boshida, Enrike Vitinyani asosiy penalti tepuvchiga aylantirgan paytda yuzaga kelgan. Dembele bu qarorni tushunmadi va «Gavr» bilan o‘yindan so‘ng noroziligini ochiq bildirdi. Yaqinda «Renn» bilan uchrashuv yakunida vinger ustozi tomonidan maydonda xudbinlik qilgani uchun tanqid qilindi.
Futbolchining o‘zi Enrikening ba’zi taktik ko‘rsatmalaridan hafsalasi pir bo‘ldi – uning fikricha, bu ko‘rsatmalar uning erkinligini asossiz ravishda cheklaydi. Biroq, manbaga ko‘ra, Enrike va Dembele mojaroni hal qilib bo‘lishgan.
Yangilik manbasi – https://stadion.uz/