Messi uchun alohida ertak olami

Kubalik taniqli me’mor Lionel Messi uchun Mayamida quriladigan koshona konseptini havola etdi.

Shunchaki, ertaknamo loyiha yoxud alohida multiolam. Har holda, Xorxe Luis Veliz Kuinta argentinalik yulduzning Floridadagi bo‘lajak uyi (yoxud kelajak uyi)ni mutlaqo boshqacha tasavvur qilyapti. Kubalik arxitektor futuristik dizaynlari bilan mashhur, ammo u endi o‘zidan ham o‘zib ketgandek…

*** 

Ha, arxitektorlar jamoasi Lionel Messining «Inter Mayami» safidagi o‘yinlaridan shu qadar ilhomlanishganidanmi, uning uchun superzamonaviy saroy loyihasini tayyorlashdi. Uli Architects va Veliz Arquitecto kompaniyalari tomonidan tayyorlangan loyihaga muvofiq, alohida ertak olami Leoning shaxsiy orolida qad ko‘taradi. 3 qavatli qasr­ning asosiy belgisi – «M» harfi. Buning ma’nosi tushunarli. Xullas, «M» shaklidagi saroyda hammasi mujassamlashtiriladi: qimmatbaho avtomobillar uchun katta garaj, vertolyotlar qo‘nish maydoni, oilaviy o‘yin-kulgu burchagi (basseynlar, suv slaydlari, kinoteatr, futbol maydoni, o‘yin xonalari, mehmonxona va hokazo…). Uy ichi shunchaki, afsona: katta panoramali derazalardan dengiz manzarasi boricha ko‘rinib turadi.

*** 

Leo MLS maydonlarini «yondirayotgan» bo‘lsa, uning hamxonasi Antonella Rokusso xonim ijtimoiy tarmoqlarni «portlatyapti». Eng qizig‘i, u «Inter Mayami» o‘yinidan so‘ng farzandlari bilan maydonga tushib, turmush o‘rtog‘ini quchoqlamoqchi bo‘ldi, ammo uni adashtirib yubordi. Ajabo. Xullas, Antonella ishonch bilan Jordi Albaga yaqinlashdi, uni hattoki, o‘pib qo‘yishga chog‘landi, shu lahzada yuziga qarab, adashganini tushundi va noqulay ahvolga tushib, futbolchidan uzoqlashdi. Yaxshiki, Alba ham boshqa tomonga o‘girib ketdi. Messining aqlli farzandlari esa otasining do‘sti yoniga yugurish asnosida vaziyatni ancha yumshatishdi.

*** 

Darvoqe, Messi «Mayami»ning MLS doirasida «Neshvill»ga qarshi kechgan o‘yini (0:0)da ilk marta maydonni golsiz tark etdi. Ammo bu o‘yin ommaga argentinalik yulduzning shaxsiy tansoqchisi Yassin Cheuko ishtirokidagi yangi virusli videolahva taqdim etdi. U Leoni har nuqtada kuzatib boradi, hattoki, o‘yinlar vaqti maydon chetida futbolchiga hamohang holda yuguradi. Xullas, bu safar ko‘pchilik kutgan ish amalga oshdi – tansoqchi Messiga to‘p uzatdi! Ha, chetdan (Leo burchak nuqtasiga yaqinlashganida). Asosiysi, Cheuko yaxshigina texnikasi borligini ko‘rsatib qo‘ydi. Messi uchun ideal sherik. Yassin Cheuko – «Inter Mayami» tomonidan Lionel Messi xavfsizligini ta’minlash uchun yollangan tansoqchi. U vaqtida AQSH armiyasi dengiz qo‘shinida xizmat qilgan, Iroq va Afg‘oniston urushlarida qatnashgan. Jang san’ati ustasi, boks va taekvondo bilan shug‘ullagan, hatto MMA janglarida qatnashgan. Aytgancha, ijtimoiy tarmoqlarda Yassinning obunachilari soni allaqachon 116 mingdan oshdi.

*** 

Lionel Messining «Inter Mayami» safiga qo‘shilgani butun AQSH uchun katta voqelik bo‘lganiga shubha yo‘q. Endilikda MLS o‘yinlarida jahon miqyosidagi megayulduzlarning katta guruhi ko‘rinish bermoqda, chempionatga butun dunyoda qiziqish ancha ortdi. Argentinalik yulduz transferida katta rol bajargan Apple kompaniyasi ham yutuqda. E’tiborli tomoni, liganing bosh tashviqotchisi yillik abonementlar daromadidan Leoga foiz to‘lashni o‘z zimmasiga olgan. Mana, qisqa vaqtda ma’lum bo‘ldiki, ushbu kelishuvdan hamma yutmoqda. Messining Amerikadagi debyut kuni (Ligalar kubogida «Krus Asul»ga qarshi o‘yin) Apple TV obunachilari soni 100 ming kishiga ko‘paydi, ikkinchi uchrashuv kuni esa yana 70 ming foydalanuvchi ushbu kompaniya paketini rasmiylashtirdi. Xullas, iyul Apple TV uchun joriy yildagi eng samarali oy bo‘ldi obunachilar soni nuqtai nazaridan. «Obunachilar masalasida natija kutganimizdan ham ziyoda. Fakt shuki, Messining «Inter Mayami»ga o‘tgani bu borada bizga jiddiy turtki berdi», — dedi Apple bosh direktori Tim Kuk avgust oyida kompaniyaning daromad va zarari yuzasidan bergan bayonotida.

 A.AHMEDOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси

Yangilik manbasi – https://stadion.uz/

Chip Stapleton
Kopirayter