Qozog‘istonlik tennischi WTA 1000 turniri 1/4 finaliga chiqdi
AQSHning Sinsinnati shahrida o‘tkazilayotgan tennis bo‘yicha WTA 1000 toifasiga kiruvchi turnirda chorak finalchilar aniqlandi.
WTA reytingida 10-o‘rinni egallab turgan Yelena Ribakina 1/8 finalda dunyoning 6-raketkasi amerikalik Medison Kizni mag‘lub etishni uddaladi — 6/7(3), 6/4, 6/2. Bu bilan qozog‘istonlik tennischi o‘zaro uchrashuvlardagi hisob muvozanatini ham tiklab qo‘ydi — 3:3.
Ikki soatu 26 daqiqa davom etgan bahsda Ribakina 6, Kiz 1 ta eys zarbasini amalga oshirgan. Qo‘shxatolar Medisonda uch barobar ko‘proq bo‘ldi — 6 ga 2. Breyklar bo‘yicha ustunlik esa tabiiyki Yelena tomonida — 6 ga 3. Endi Ribakina 1/4 finalda dunyoning birinchi raketkasi belaruslik Arina Sobolenkoga qarshi kortga chiqadi.
Manba: gotennis
Yangilik manbasi — https://stadion.uz/