Afsonaviy Menni Pakyaoning o‘g‘li prof boksda debyut qiladi
Sakkiz vazn toifasida sobiq jahon chempioni Menni Pakyaoning 23 yoshli o‘g‘li prof boksdagi debyut jangiga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Kichik Pakyaoni ham afsonaviy murabbiy Freddi Rouch jangga tayyorlayapti. Lekin asosiy mashg‘ulotlarni Rouchga tegishli Wild Card boks zalida murabbiy Marvin Somodio o‘tkazyapti.
«Kichik Menni boshqa shogirdlarim singari har kuni astoydil shug‘ullanyapti. Tez orada uning prof ringdagi debyut jangi rasman e’lon qilinadi. U mashg‘ulotlarga jiddiy e’tibor qaratgan. Hech qachon zaldagi qiyinchilik va mashaqqatlardan noliganini ko‘rmaganman. Uning kelajagiga ishonaman», — dedi Somodio.
World Boxing News xabariga ko‘ra, kichik Menni otasi bilan bir oqshomda o‘zi debyutini o‘tkazadi. Menni Pakyao uzoq muddatdan keyingi jangini yarimo‘rta vazn toifasida WBC chempioni Mario Barriosga qarshi o‘tkazishi mumkin.
Yangilik manbasi – https://stadion.uz/