Jarrod Bouen uchun ortda qolgan 2023 yil qanday o‘tdi?
Gollar, sovrinlar, Angliya terma jamoasi va oilada farzandlar tug‘ilishi quvonchi… «MYU» ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozonilgan o‘yinda o‘zining mavsumdagi 13-golini urgan «Vest Xem»ning 27 yoshli futbolchisi ayni payt juda yaxshi sport formasida.
– Londonda «MYU»ni mag‘lub etish – bu 2023 yilni yaxshi yakunlashning ajoyib usuli…
– Ha, chindan ham, yoqimli g‘alaba va zo‘r intiho. «Liverpul»ga qarshi o‘yindan so‘ng hafsalamiz pir bo‘lgandi, shuning uchun yangi yil oldidan g‘alaba qozonish asnosida kayfiyatni sozlab olishimiz shart edi. O‘yinda gol urishimiz uchun biroz ko‘proq vaqt ketdi, lekin maydonga tushish arafasida aynan shunday ssenariy haqida o‘ylagandim. O‘zi ikki yaxshi jamoa qarama-qarshiligida birinchi gol ko‘pincha hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Baxtimizga, hisobni biz ochdik va yakunda qimmatli 3 ochko sohibiga aylandik.
– Shaxsan o‘zingiz APLdagi gollaringiz sonini 11taga yetkazib qo‘ydingiz. Umuman, bu siz uchun joriy mavsum hisobidan jami 13-gol…
– O‘yinlar davomida shunchaki, to‘g‘ri pozisiya tanlashga urinaman, hozirgi mahsuldorlikni shunga bog‘lashim mumkin. Umidvormanki, shunday ruhda davom etaman. O‘z tariximni yozish uchun esa vaziyatlardan unumli foydalanish koeffisiyentini yaxshilashim kerak. Hozirda bor harakatim shu yo‘nalishga qaratilgan. Maydonda tinim bilmay yugurmasang, senda imkoniyat yuzaga kelmaydi. Oxirgi golimni olsak, Lukas Paketa to‘pni chiroyli tarzda uzatdi, uning xizmatini e’tirof etish barobarida aytishim kerak, agar hujumchi to‘g‘ri pozisiya tanlay olmasa, bu kabi imkoniyatlardan hech natija chiqmaydi.
– «Vest Xem» bosh murabbiyi «MYU»ga qarshi bahsda taktikani ham o‘zgartirdi: siz o‘ng qanotda harakatlandingiz, Quddus esa markazga qaytdi…
– Agar tarkibda men, Quddus va Lukasga joy berilsa, pozisiya o‘zgartirish borasida umuman muammo sezilmaydi. Chunki juda moslashuvchanmiz. Deylik, agar men chap tomonda to‘p sursam, Quddus va Lukas navbati bilan «hujum uchi» rolini bajarishlari mumkin. E’tiborlisi, «MYU» bilan bahsda aynan tartibni o‘zgartirganimizdan bir necha daqiqa o‘tib gol urdik. Xullas, taktik o‘zgarish samara keltirdi. Umuman, 2ta mukammal gol urganimiz barchasini ko‘rsatib turibdi. Asosiysi, g‘alaba! O‘zi «MYU»dan 3 ochko tortib olishga qurbimiz yetishini bilardik va shunga yarasha dadil o‘ynadik.
– «Bolg‘achilar» Rojdestvogacha 30 ochko to‘pladilar. Xo‘sh, mavsum borishidan qoniqish hosil qilyapsizmi?
– Ba’zi o‘yinlar biroz ranjitganini hisobga olmasak, hammasi joyida. Har holda, ayni payt APL turnir jadvali yuqori qismidan joy egallab turibmiz, qolaversa, YEL 1|8 finaliga chiqdik. Shuningdek, Angliya kubogida ham kurashni davom ettiryapmiz. Shunday ekan, mavsumga yaxshi baho berish kerak. Lekin bundan-da zo‘rroq o‘ynashimiz va yanada yuqoriroqdan joy olishimiz mumkin edi. Faqat ba’zi o‘yinlarda omad yuz o‘girdi yoki o‘zimiz imkoniyatlardan foydalanolmadik. «Yunayted»ga qarshi bahsda esa faol ko‘rindik, o‘yinni har jihatdan kuchaytirdik. 2:0 hisobidagi g‘alaba – shu harakatlar mevasi. Takrorlayman, asosiysi, o‘yinlarda g‘alaba qozonish. Axir g‘alaba muhim sanalgan biznes bilan shug‘ullanmoqdamiz.
– Oxirgi 12 oy hayotingizda ham professional, ham shaxsiy nuqtai nazardan katta iz qoldirdi…
– Hamisha har jihatdan ochiq va halolman. Agar kimdadir menga aytadigan gapi bo‘lsa, xoh tanqid, xoh maqtov – eshitishga tayyorman va barchasini to‘g‘ri qabul qilaman. Ishlar yaxshi ketayotganidagi maqtov va orqaga ketgan vaqtdagi tanqid darajasi bir xil bo‘lishi kerak. Tabiatan yashirinib yuradigan odam emasman. Shuningdek, har doim oldinga qarashga odatlanganman. Faoliyatim davomida katta muvaffaqiyatsizliklar ham yuz bergan va ko‘pchilikdan yomon gaplarni eshitganman. Hozir shunchaki, futboldan zavqlanyapman, muhimi, jamoamning bir qismiman. Har qanday holatda ham barchaga ochiq bo‘lib qolishni xohlayman.
– Jarrod, bu safar ota sifatida birinchi Rojdestvoni qarshi oldingiz. Oilaviy masalada rejalaringiz qanday?
– Yo‘q, bu borada reja ketmaydi. Kichkintoylarim hozir atigi 7 oylik! «Yunayted»ga qarshi o‘yinda ularni maydonga olib tushdim. Shu ma’noda ham, 2023 yil men uchun eng yaxshisi bo‘ldi. Bir necha kun oldin ota sifatida ilk marta tug‘ilgan ayyomimni nishonladim va endi Rojdestvo bayramini qarshi olyapman. Ba’zan futbol va oilani aralashtirishni xohlamasangiz ham, «MYU» kabi jamoalarga qarshi o‘yinlar uyga sehrli o‘yin havosini olib kirishingizni taqozo etadi. Bugun oilam davrasiga baxtiyor qaytishim tayin. Ajoyib kun!
MUHAMMADXON tayyorladi
Manba: «Интерфутбол» газетаси
Yangilik manbasi – https://stadion.uz/