Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning turmush o‘rtog‘i Brijit xonim futbolga uncha qiziqmasligi yoki mavjud qoidalardan bexabarligi ortidan noqulay holatga tushdi.
Aniqroq aytsak, u mamlakat milliy jamoasi bosh murabbiyi Didye Deshamga noo‘rin savol bilan murojaat qilib, yengilgina kulgu ostida qoldi.
Ayollarning futbolga tobora kuchliroq qiziqishayotgani bor gap. Lekin ular haligacha oddiy qoidalardan bexabarlar. Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning rafiqasi tushgan holat ham bu fikrni tasdiqlaydi. Brijit xonim xayriya tadbirlaridan birida Fransiya milliy jamoasi bosh murabbiyi Didye Deshamga hech kim kutmagan savol bilan yuzlandi: «DidYE, aytingchi, «Reyms» hujumchisi Zunya Itoni nega terma jamoaga chaqirmayapsiz?» Tabiiyki, bu savoldan keyin Deshamning kulib yuborishiga oz qoldi. To‘g‘ri, murabbiy vaqtida o‘zini tutib oldi va tabassum bilan qisqacha javob berdi: «Gap shundaki, u yaponiyalik».
Brijit xonimning Zunya Itoga qiziqqani bejiz emas, albatta. Zero, 30 yoshli yaponiyalik joriy mavsum «Reyms»da chindan ham, zo‘r o‘ynamoqda. Deylik, u Liga 1 doirasidagi 17ta o‘yinda maydonga tushib, 2ta gol va 4ta assist rasmiylashtirdi. Eng qizig‘i, Ito ayni kunlar Yaponiya milliy jamoasi bilan Osiyo kubogi-2023da ishtirok etmoqda. Ma’lumot uchun, Zunya «samuraylar» safida jami 53ta o‘yin o‘tkazib, 13ta gol va 17ta samarali uzatma to‘plagan. Tushunarliki, Makronning hamxonasi bundan ham bexabar…
Manba: «Интерфутбол» газетаси
Yangilik manbasi – https://stadion.uz/