Madridning «Real» klubi hujumchisi Kilian Mbappe «el-klasiko»da penaltini aniq amalga oshira olmadi, ammo baribir uchrashuv qahramonlaridan biriga aylandi.

«Qaymoqranglilar» «Barselona»ni 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan bo‘lsa, yulduz fransuz 22-daqiqada gol urdi. Ikkinchi bo‘lim boshida hujumchi dubl qayd etishi mumkin edi, biroq Voysex Shesni 11 metrlik nuqtadan yo‘llangan zarbani qaytardi. StatMuse xabariga ko‘ra, bu penalti Mbappe uchun klub miqyosidagi va terma jamoadagi butun faoliyati davomidagi 70-penalti bo‘ldi (o‘yindan keyingi seriyalar hisobga olinmagan). Kilian 14 marta nuqtadan gol ura olmagan va 56 ta vaziyatda aniq zarba bergan.

Mbappe joriy mavsum «Real» safida 13 ta bahsda 16 ta gol urdi.

Yangilik manbasi – https://stadion.uz/