Kubo – «Sosyedad» chit-kodi yoxud yaponiyalik Messi

«Real Sosyedad»­ning yaponiyalik hujumchisi Takefusa Kubo La Ligada sentyabr oyi laureati bo‘lgandi. Diqqat qiling, u 9-oy so‘rovida Jud Bellingem va Robert Levandov­ski kabi aslardan o‘zib ketdi. Bunda hammasi adolatli. Zero, Kubo sentyabr taqvimidagi 4ta o‘yin­da 4ta gol urdi, «Real Madrid»ga qarshi o‘yinda fantasik harakatlandi va hattoki, Karlo Anchelottini ham lol qoldirdi. «Kubo qoyilmaqom o‘yin ko‘rsatdi. U o‘ta, o‘ta xavfli futbolchi», – degandi don Karlo hayratlangan holda. Italiyalik maestroning maqtovi o‘rinli. Ehtimolki, Take ayni pallada butun La Liganing asosiy afsungaridir…

Kubo – top-driblyor. Lekin «Real Sosyedad» uchun o‘z uslubini o‘zgartirdi. Umuman, Takefusa 2 yildan beri San-Sebastyan klubi bilan birga. «Avvaliga ancha qiynaldim. Klub mendan alohida jihatlar kutishini bilardim. Faqat ishonchni to‘liq oqlay olishimga amin emasdim. Dastlabki mashg‘ulotdan keyinoq o‘zimga mos joyga kelganimni tushundim: «Sosyedad» to‘p nazoratini yoqtiradi, yuqori pressing qo‘llaydi, saviyali yigitlarga ega. Qisqasi, bu klub men uchun uzoq izlangan makon…», – deya xotirlaydi yaponiyalik futbolchi klubdagi ilk kunlarini. Bir qarashda, Kuboning faoliyati norvegiyalik Martin Edegornikiga o‘xshash: «Madrid»da mo‘may daromad, keyin ijara safari va «Sosye­dad»ga moslashish. Farqi shuki, Edegor boshidan Imanol Alguasil uslubiga mos tushgan bo‘lsa, Take adaptasiya muhlatiga ehtiyoj sezdi. Qit’adoshimiz «Sosyedad» safiga qo‘shilishiga qadar rasman vinger sanalsada, qalban «10-raqam» pozisiyasiga moyil edi. U orqaroqda to‘pni egallab, markaz tomon intilishni xush ko‘rar, ammo bu harakati bilan murabbiylarni ranjitardi ba’zan. Misol uchun, 3 yilcha oldin Unai Emeri boshqaruvidagi «Vilyarreal»ga o‘tganida, ko‘pincha qanotni ochiq qoldirgan va yakunda o‘z o‘rnini Yeremi Pinoga boy bergandi. Emeri – pragmatik, u Kubodan qat’iy intizom talab qilgan, ya’ni iqtidorni qayta tarbiyalashni istamagandi. Oqibatda futbolchi «Madrid»­ga qaytdi, tez orada «Xetafe»ga yo‘l oldi. «Yapon Messisi» bu jamoada chakki ko‘ringani yo‘q, ammo asl salohiyatini yuzaga chiqarolmadi. «O‘ylashimcha, asosiy ustunligim – to‘pni chiziqlar oralig‘ida qabul qilish va olg‘a intilish. Sevimli pozisiyam – «10-raqam». Chunonchi, shu rolda to‘p bilan ko‘proq muomala qilaman. To‘pni olib yurish xislati qonimda bor», – degandi Kuboning o‘zi. 

 

Kubo – o‘z futboli asiri. Qahramonimiz «Barselona» akademiyasida 4 yil tahsil olgan, biroq murabbiylar bu davrda Kubodan jamoa manfaati uchun o‘zining kuchli xislatlaridan voz kechishni talab qilishgan. Futbolchi voyaga yetguncha «10-raqam» pozisiyasi keraksiz bo‘lib qoldi, Take esa o‘zgarishni istamadi. Hatto «Malyorka»ning unga erkinlik berishi ham kutilgan natija taqdim etmadi, tomonlar ijobiy yechim topa olmadilar. «Kubo – ajoyib ijrochi. Ha, maydonda erkinlik talab qiladi, lekin qanday o‘ynashni biladi. Takening uslubi shaxsan menga ma’qul, biroq hozirda uning kuchli jihatlariga tayanib to‘p suradigan jamoa borligiga ishonmayman. «Malyorka» – kamtarin, himoyaviy jamoa, Take esa hujumga o‘tishni yoqtiradi. Hamonki, u gol urayotgan ekan, ayrim jihatlardan ko‘z yumish mumkin. Umuman, Kubo o‘zgacha to‘p surganini keyinroq tushunib olsa kerak», – degandi «Malyorka» murabbiyi.

«Sosyedad»ga o‘tish – evolyusiyaning boshlang‘ich nuqtasi. Jamoaga kimni taklif etganini yaxshi his etgan Alguasil dastlabki yig‘inlarda Takefusaga alohida e’tibor qaratdi: doimiy muloqotda bo‘ldi, yaponiyalik shogirdining fikr-mulohazalarini tingladi va unga muammolarni bartaraf etishda yaqindan yordam berdi. Murabbiy bunda o‘z g‘oyalarini muloyimlik bilan tushuntirdi va Kuboni «Sosyedad» loyihasida muhim ijrochi bo‘lishiga ishontirdi: «Alguasil yoniga borsam, u meni hamisha xotirjam tinglardi. Aynan shu murabbiy munosabati o‘laroq, faoliyatimning asosiy qismi hali oldinda ekanligini tushundim. Bolaligimda kun bo‘yi o‘ynardim va hech ham charchamasdim. Imanol maydonda hech narsadan hayiqmaslik, yana jamoadoshlarimga ishonishni o‘rgatdi. Faqat shu yo‘l bilan rivojlanish mumkinligini tushuntirdi». Xullas Alguasil yaponiyalik uchun yangi rol o‘ylab topdi – ortga chekingan hujumchi. Shu tariqa Kubo norvegiyalik Aleksander Syorlot yonida to‘p sura boshladi. Shuningdek, David Silva bilan tez-tez o‘rin almashib turdi, qolaversa, pressingda ham faollikni oshirdi. Natijada jamoadoshlariga yordam berish zavqini ham his eta boshladi. Axir uning uchun bo‘sh hududlarni aynan sheriklari hozirlashadi-da. «U doimo bosh qahramon rolini xohlardi. Hattoki, o‘yini qovushmay turgan paytlar ham. Kubo yoqimtoy yigit, lekin shu qadar erkinlik istaydigan futbolchini hech qachon ko‘rmaganman. Ishonchim komil, yaponni oldinda ajo­yib faoliyat kutmoqda», – degandi «Barsa» akademiyasi bolalar murabbiyi Aleks Gomes. – David Silva futbol bilan xayrlashgach, «Sosyedad» romb uslubidan voz kechdi va endi 4-3-3 taktik chizmasi bo‘yicha o‘ynamoqda. To‘g‘ri, murabbiy raqibga qarab, vaqti-vaqti bilan boshqa uslubni ham tanlaydi: ba’zan 4-2-4, goho 3-4-1-2 (CHLdan o‘rin olgan «Inter»ga qarshi bahsda shu sxemani qo‘lladi). Yapon yigiti avvalroq to‘pni egallash uchun ortga qaytgan bo‘lsa, endi oldingi chiziqda uzatma kutmoqda. Misol uchun, «Real»ga qarshi muhim bahsda hujumchi Umar Sodiq bilan bir chiziq bo‘ylab to‘p surdi. Kubo to‘pni izolyasiya, ya’ni raqibdan xoli qabul qiladi. Alguasil bu yangilikni shu yo‘l bilan Usmon Dembele mahsuldorligini oshirgan Xavidan o‘rgangan bo‘lsa kerak. «Barsa» «fishka»lari – «Sosyedad» uchun me’yor. Har holda, San-Sebastyan jamoasining klassik konsepsiyasi va Yoxan Kroyff g‘oyalari o‘rtasida o‘xshash jihatlar ko‘p. To‘g‘ri yaponiyalik Dembelechalik baquvvat emas, lekin o‘yin qoidalarini bolaligidan puxta o‘zlashtirgan. Oddiy bir misol: «Sosyedad» birdaniga chap qanotga intiladi, Martin Subimendi ko‘mak beradi, «Madrid» bunga chora topguncha Alguasil jamoasi son jihatdan ustunlikka erishadi va Ander Barrenechea to‘pni bo‘shliqda turgan Kuboga yo‘llaydi. Takefusa esa bunday dinamikani xavfli vaziyatlarga aylantiradi. U – bir qator ko‘rsatkichlar bo‘­yicha yetakchi, lekin Xavi davridagi Usmon kabi kekkaygan emas.

Kubo jamoaning eng yorqin yulduzi emas. Darhaqiqat, yaponiyalikning jamoadagi mavqei deylik, Subimendi, Merino yoki Mendesniki kabi katta emasdir. Muhimi, u murabbiy ko‘rsatmalarini a’lo darajada bajarmoqda. Ehtimol, bu faqat boshlanishidir hali. Har holda, «Sosyedad» vakillari so‘nggi paytlar ko‘proq Kubo orqali o‘ynashga intilyaptilar. To‘g‘ri, bir xil uslub bilan uzoq vaqt muvaffaqiyatli harakatlanishga kafolat yo‘q. Masalan, «Atletiko» himoyachilari Takeni mutlaqo zararsizlantirish yo‘lini topa olishdi. Oqibatda u markazgacha chekinishga majbur bo‘ldi. Simeonening Kuboga alohida e’tibor qaratgani ham unga berilgan yuksak baho nishonasidir. Argentinalik mutaxassis shogirdlariga uni yolg‘iz qoldirmaslik vazifasini topshirgandi, bu missiya­ni Lino uddaladi, lekin goh Grizmann, ba’zan de Paul ko‘magi bilan. O‘zgacha yo‘l ham yo‘q edi. Chunonchi, epchil va tezkor Kubo ozgina erkinlikka erishsa, har qanday raqibni osongina aldab o‘tadi.

Takening taraqqiyotini ta’minlashda ikki jihat ahamiyatli: o‘yin qoidalarini mukammal o‘rgangani va murabbiyning alohida uslub yaratgani. «Sosyedad»ning menga bergan saboqlarini pul bilan o‘lchash mumkin emas. Bu klub – men uchun so‘nggi poyezd, parvoz uchun oxirgi imkoniyat», – degandi yozda yiliga 60 mln. yevro maosh va’da qilishgan saudiyaliklar taklifini rad etgan Kubo. Ha, Takefusa – «yapon Messisi», «kunchiqar yurt»ning bugungi eng mashhur futbolchisi. Bunday maqomlarni esa pul bilan o‘lchashning iloji yo‘q.

Kubo faoliyatidagi muhim jihatlar

** Kubo aslida chinakam «10-raqam» edi, lekin zamonaviy futbolda uslubni o‘zgartirmasdan muvaffaqiyatga erisholmasligini vaqtida tushundi.

** Alguasilga duch kelishiga qadar o‘z o‘yinini topolmadi: Emeri bilan til topisholmadi, «Xetafe» o‘ta himoyaviy jamoa edi, «Malyorka»da yaxshiroq ko‘rindi, lekin o‘yinida yaqqol ijobiy siljish kuzatilmadi, faqat mavjud iqtidori darajasida to‘p surdi.

** Hozir Kuboning asosiy hududi – maydonning o‘ng qanoti. Uni shu yerda to‘p bilan ko‘proq ta’minlashadi va mo‘’jiza ko‘rsatishini kutishadi. Yaponiyalikni amaldagi futbolchilardan Salohga qiyoslash mumkin: chapaqay, tezkor va doimo darvozani nishonga oladi.

** Take mazkur rolda o‘ta xavfli ijrochi. Chunki raqiblarni yengilgina aldab o‘tadi, ham past, ham yuqoridan nafis uzatma amalga oshiradi va darvozaga aniq zarba yo‘llaydi. Bunday vinger har qanday top-klub talabiga javob bera oladi.

Sodiq SOBIR tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси

Yangilik manbasi – https://stadion.uz/

Chip Stapleton
Kopirayter