Cheferin FIFA prezidentligi uchun kurashmasligini ma’lum qildi
Yevropa futbol assosiasiyalari ittifoqi (UEFA) prezidenti Aleksander Cheferin FIFA rahbarligi uchun bo‘lajak saylovlarda ishtirok etish niyati yo‘qligini ma’lum qildi.
58 yoshli sloveniyalik funksioner Rest is Politics podkastida bu haqda gapirar ekan, hozirgi lavozimi va UEFAdagi faoliyatidan mamnun ekanini ta’kidladi.
«Men FIFA prezidenti bo‘lishga qiziqmayman. UEFAni va bu yerda bajarayotgan ishimni yaxshi ko‘raman. Ikkinchidan, agar bu lavozimga qiziqish bildirmasam, menga bo‘lgan ishonch va obro‘ ancha yuqori bo‘ladi», — dedi Cheferin.
FIFA prezidentligi uchun navbatdagi saylov 2027 yil mart oyida Marokashda o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ayni paytda tashkilotga Janni Infantino rahbarlik qilmoqda.
Cheferin UEFA prezidenti lavozimini 2016 yil sentyabridan buyon egallab kelmoqda. U shundan so‘ng ikki marta qayta saylangan. Shuningdek, sloveniyalik funksioner FIFA vise-prezidenti lavozimida ham faoliyat yuritadi.
Yangilik manbasi – https://stadion.uz/